Gemini’ning noma’lum modeli kiberxavfsizlik imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazish vaqtida uchta real kompaniya tizimiga ruxsatsiz kirish imkoniga ega bo‘lgan. Bu haqda The Wall Street Journal (WSJ) yozdi.
Model kiberxavfsizlik bo‘yicha test o‘tkazayotgan va real tizimlarni test muhiti deb xato hisoblagan. Hodisalar 2026-yil may oyida yuz bergan. Testlarni Irregular kompaniyasi o‘tkazgan.
Gemini xayoliy tashkilotlar tizimidan ma’lumot izlashi kerak edi. Biroq test muhitidagi xato sabab model internetga chiqish imkoniga ega bo‘lgan.
Bir holatda xayoliy kompaniya nomi real kompaniya nomi bilan mos kelgan. Gemini uning parolini topib, xizmatiga kirgan. Qolgan ikki holatda esa model ochiq repozitoriylardan korporativ tizimlarga tegishli login ma’lumotlarini topib, ulardan foydalangan.
Biroq uchala holatda ham Gemini test tizimlariga emas, real kompaniyalarga kirganini anglagach, harakatlarini to‘xtatgan.
Google hodisani tasdiqlagan va kompaniyalarga zarar yetmaganini bildirgan. Shuningdek, kompaniyalarni xabardor qilgan, biroq ularning nomlarini oshkor qilmagan.
Hodisalar haqida jamoatchilikka WSJ jurnalistlari murojaat qilganidan keyingina ma’lum bo‘lgan. Avvalroq OpenAI, Anthropic va Meta’ning sun’iy intellekt modellari bilan o‘tkazilgan testlarda ham shunga o‘xshash holatlar kuzatilgan.
Avvalroq Spot Google o‘zining moliyaviy xizmatiga sun’iy intellektga asoslangan yordamchini qo‘shgani haqida yozgandi.
Foydalanuvchilar Gemini’dan investitsiya portfeliga oid maslahatlar yoki aktivlar daromadliligi bo‘yicha grafik hisobotni olishlari mumkin.