Toshkent shahrida jamoat transportida yo‘l haqini to‘lamaslik holatlarining oldini olish maqsadida nazorat-reyd tadbirlari kuchaytirildi. Bu haqda Transport vazirligi ma’lum qildi.
2026-yil 1-yanvaridan 9-noyabriga qadar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 144-moddasi bo‘yicha jami 146 537 ta ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Shundan 138 780 tasi yanvar-oktabr oylariga, 7757 tasi esa noyabr oyining dastlabki to‘qqiz kuniga to‘g‘ri keladi.
Birgina oktabr oyida 25 596 ta bayonnoma tuzilgan. Bu 10 oylik umumiy ko‘rsatkichning 18,4% ini tashkil etadi. Noyabr oyining dastlabki to‘qqiz kunida esa kuniga o‘rtacha 862 ta qoidabuzarlik qayd etilgan.
Shu munosabat bilan “Toshkent shahar yo‘lovchi tashishni monitoring va nazorat qilish” davlat muassasasi nazoratchilari avtobuslarda yo‘l haqi to‘lovlarini tekshirmoqda. Qoidabuzarlik aniqlangan holatlarda ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilmoqda.
Shuningdek, yo‘lovchilarga elektron to‘lov tizimidan foydalanish va yo‘l haqini o‘z vaqtida to‘lash bo‘yicha tushuntirishlar berilmoqda.
Qayd etilishicha, jamoat transportida yo‘l haqi to‘lovlarini to‘liq elektron shaklga o‘tkazish moliyaviy shaffoflikni ta’minlash, yashirin iqtisodiyot ulushini kamaytirish va transport xizmatlari sifatini oshirishga xizmat qiladi.
Transport vazirligi yo‘lovchilarni belgilangan qoidalarga rioya qilishga hamda yo‘l haqini o‘z vaqtida to‘lashga chaqirdi.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda yagona transport platformasi ishga tushirilishi mumkinligi haqida yozgandi.
2027−2029-yillarda ayrim poyezd va avtobuslarda elektron chiptalarga kamida 20% chegirma, 2030-yildan esa faqat naqdsiz to‘lov joriy etilishi taklif qilinmoqda.