Alphabet kompaniyasi keng foydalanuvchilar uchun sun’iy intellektga asoslangan Google Finance xizmatining yangi versiyasini chiqardi. Bu haqda Google blogida xabar berildi.
Asosiy yangiliklardan biri Gemini sun’iy intellektga asoslangan ichki yordamchi bo‘ldi. Kompaniya ta’kidlashicha, u investitsiya portfelining tarkibi va uning kutilayotgan dinamikasi bo‘yicha tavsiyalar berishi yoki kuzatuv ro‘yxatiga kiritilgan aksiyalarning daromadliligi bo‘yicha grafik hisobot tayyorlashi mumkin.
Batafsilroq tahlil qilish uchun foydalanuvchi aktivlar haqidagi ma’lumotlarni PDF, CSV jadvallari yoki skrinshotlar shaklida yuklashi mumkin. Shuningdek, xizmatda “chuqur tadqiqotlar” rejimi mavjud.
Google Finance foydalanuvchilarning so‘rovlari va qiziqishlariga ko‘ra “turli ishonchli manbalar"dan olingan ma’lumotlar asosida bozor holati haqidagi yangiliklar va xulosalarni taqdim etadi.
Key Moments funksiyasi yordamida grafikdagi o‘sish yoki pasayish nuqtasini tanlab, sun’iy intellektdan o‘sha paytdagi bozor holati haqida xulosa olish mumkin.
Bundan tashqari, xizmatning yangi versiyasi investitsiya portfellari sohasida yaxshilangan funksionallikka ega bo‘ldi. Endi ularning holati va tarkibidagi aktivlar dinamikasi yagona grafik panelda aks ettiriladi.
Hozirda Google Finance’ning yangi versiyasi Gemini’ga kirish huquqiga ega bo‘lgan barcha mamlakatlar, jumladan, O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari foydalanuvchilari uchun beta-versiyada mavjud. U bilan Google Finance saytida “Beta” rejimini tanlash orqali tanishish mumkin.
Avvalroq Spot OpenAI ChatGPT’ga shaxsiy moliyani boshqarish funksiyalarini qo‘shgani haqida yozgandi.