OpenAI ChatGPT chat-botiga shaxsiy moliyani boshqarish uchun maxsus bo‘lim kiritdi. Bu haqda kompaniya saytida ma’lum qilindi.
Foydalanuvchilar boshqaruv paneli orqali xarajatlar va daromadlarni nazorat qilish uchun “Moliya” bo‘limida o‘z hisoblarini ulash imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Shuningdek, ular chat-botga shaxsiy kontekstni hisobga olgan holda moliyaviy sohaga oid savollar berishlari mumkin.
Birinchi bosqichda “Moliya” bo‘limi Pro obunachilari uchun veb-versiya va iOS tizimida sinov rejimida mavjud. Kelgusida kompaniya yangi funksiyadan foydalanish imkoniyatini Plus obunasi egalariga kengaytiradi.
Ishlab chiquvchilarning ta’kidlashicha, ChatGPT moliyaviy tendensiyalarni tahlil qilish, yirik sarmoyalarni rejalashtirish va jamg‘arma yaratish imkoniyatlarini topishga yordam beradi.
Buning uchun u foydalanuvchi tomonidan taqdim etilgan maqsadlar, turmush tarzi va ustuvorliklar haqidagi ma’lumotlardan foydalanadi.
Shuningdek, chat-bot daromad ssenariylarini rejalashtirish va investitsiya xatarlarini o‘rganish imkoniyatlarini o‘z ichiga oladi. Shu bilan birga, kompaniya bu professional moliyaviy maslahatlar o‘rnini bosmasligini ta’kidladi.
“Moliya” bo‘limi uchun standart holatda eng yangi model qo‘llaniladi — hozirda bu GPT-5.5 Thinking hisoblanadi.
Qayd etilishicha, chat-botga Plaid vositachisi orqali 12 mingdan ortiq moliyaviy tashkilotlarni qo‘llab-quvvatlash o‘rnatilgan.
OpenAI yaqin kelajakda Intuit platformasini ham integratsiya qilishga, shuningdek, imkoniyatlarni baholagan holda kredit kartalarini olish uchun ariza topshirish yoki soliq maslahatchisi bilan uchrashuvga ro‘yxatdan o‘tish kabi keng qamrovli xizmatlarni joriy etishga va’da bermoqda.
Kompaniya moliyaviy ma’lumotlar xavfsizligini kafolatlaydi. ChatGPT foydalanuvchi hisoblarining aniq raqamlariga kira olmaydi va ular bilan hech qanday harakatlarni amalga oshira olmaydi hamda foydalanuvchi istalgan vaqtda hisobni bo‘limdan o‘chirib tashlashi mumkin.
Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev TDT doirasida sunʼiy intellekt bo‘yicha strategik hamkorlik tarmog‘ini yaratishni taklif qilgani haqida yozgandi.