Shavkat Mirziyoyev 15-may kuni Turkiy davlatlar tashkilotining Sunʼiy intellekt va raqamli rivojlanish mavzusidagi norasmiy sammitida ishtirok etdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

2025-yilda Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo mamlakatlar umumiy iqtisodiy salohiyati $2,4 trlndan oshdi. O‘tgan yilning o‘zida O‘zbekistonning TDT mamlakatlari bilan savdo aylanmasi 14% ga o‘sdi. Joriy yildan Turkiy investitsiya jamg‘armasi operatsion faoliyatini boshladi. Markaziy banklar kengashi, “yashil” moliyalashtirish bo‘yicha Turkiy kengash ishi yo‘lga qo‘yildi.

O‘zbekiston yetakchisi oldinda ko‘p qirrali munosabatlarga tizimli tus berish bo‘yicha dolzarb vazifalar turganini qayd etdi. Prezident o‘z nutqida sunʼiy intellekt va raqamli rivojlanish yo‘nalishda hamkorlikni rivojlantirish uchun bir qator aniq tashabbuslarni ilgari surdi.

O‘zbekiston rahbari global texnologik jarayonlarni inobatga olgan holda tashkilot doirasida sunʼiy intellekt sohasida strategik hamkorlik tarmog‘ini shakllantirish lozimligini taʼkidladi.

Mazkur tashabbus kvant hisoblash texnologiyalari va yagona raqamli makonni yaratish orqali iqtisodiy o‘sishning yangi nuqtalarini belgilashga xizmat qilishi qayd etildi.

Shuningdek, mintaqaviy maʼlumotlar almashinuvini taʼminlovchi Raqamli turkiy koridor konsepsiyasini ishlab chiqish va Toshkent shahrida TDT aʼzo davlatlarining Texnologiyalar forumini o‘tkazish taklif etildi.

Toshkent shahrida barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazida TURKSOYning ofisi ochildi.

“Ushbu markaz TURKSOY va Turkiy akademiya bilan tarixiy-madaniy manbalarimizni yagona ‘katta maʼlumotlar‘ platformasiga jamlasa, xalqlarimiz uchun foydali ish bo‘lar edi”, — dedi davlat rahbari.

Yosh avlodni zamonaviy kasblarga tayyorlash maqsadida O‘zbekiston tomonidan amalga oshirilayotgan 5 mln sunʼiy intellekt yetakchilari dasturi yuqori baholanmoqda.

Prezident yoshlarning startap loyihalarini moliyalashtirish uchun O‘zbekiston va Qozog‘iston tomonidan tashkil etilayotgan Qo‘shma venchur jamg‘armasiga aʼzo davlatlarni qo‘shilishga chorladi.

Yuk tashish jarayonlarini soddalashtirish maqsadida aʼzo davlatlar o‘rtasida E-Permit elektron ruxsatnomalar tizimi to‘liq yo‘lga qo‘yilgani qayd etildi.

Strategik ahamiyatga ega bo‘lgan o‘rta koridorni ayni paytda qurilayotgan Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li bilan bog‘lash hamda bojxona maʼlumotlari almashinuvini to‘liq raqamlashtirish bo‘yicha amaliy vazifalar belgilab berildi.

Iqlim o‘zgarishiga qarshi muvofiqlashtirilgan harakatlarni tashkil etish maqsadida 2027-yilni turkiy dunyoda Tabiatni asrash yili deb eʼlon qilish tashabbusi ilgari surildi.

Shu bilan birga, sunʼiy yo‘ldosh maʼlumotlari asosida TDT iqlim xatarlarini monitoring qilib borish tizimini yaratish hamda qurg‘oqchilikni barvaqt aniqlash, transchegaraviy suv resurslarini boshqarish jarayoniga sunʼiy intellektni tatbiq etish zarurligi qayd etildi.

Terrorizm, ekstremizm va kibertahdidlarga qarshi kurashishda mustahkam huquqiy va texnologik zamin yaratish maqsadida Kiberxavfsizlik va raqamli infratuzilmani himoya qilish bo‘yicha Turkiy alyansni tuzish taklifi berildi.

Sammit yakunida Turkiston deklaratsiyasi qabul qilindi.

Spot, avvalroq, Shavkat Mirziyoyev va Sadir Japarov Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishini tezlashtirish masalasini muhokama qilgani haqida yozgandi.