Samsung boshqa ko‘plab smartfon ishlab chiqaruvchilari singari, o‘z qurilmalarini keraksiz ilovalar bilan to‘ldirmoqda. Bu haqda XDA nashri xabar berdi.

Nashr muharriri Abhishek Kumar Mishra qurilma xotirasidan joy bo‘shatadigan dasturiy ta’minot (DT) ro‘yxatini keltirdi.

U birinchi navbatda Chromium dvigateliga asoslangan, ammo boshqa shunga o‘xshash dasturlardan farqli o‘laroq, reklama yorliqlari bilan “to‘lib-toshgan” Samsung brauzerini alohida ta’kidladi.

Jurnalist, shuningdek, brend texnikasi foydalanuvchilariga yangiliklar, maslahatlar va tavsiyalar taklif qiluvchi Samsung Members ilovasini ham o‘chirib tashlashga chaqirdi. Mutaxassis ushbu dasturdan hech qanday amaliy foyda topmagan.

Bundan tashqari, telefon xotirasida bepul televideniyedan foydalanish imkonini beruvchi Samsung TV Plus striming xizmati topildi.

Ammo muallifning qayd etishicha, dunyoning ko‘plab mintaqalarida deyarli barcha telekanallar ishlamaydi.

Shuningdek, maqolada Samsung Global Goals, “Maslahatlar” va Samsung Shop ilovalarini bemalol o‘chirib tashlash mumkinligi aytilgan.

Qayd etilishicha, oxirgisi Samsung texnikasiga buyurtma berish mumkin bo‘lgan onlayn do‘kon hisoblanadi.


Avvalroq Spot Samsung o‘zining aqlli ko‘zoynaklarini ishlab chiqayotgani haqida yozgandi.

Qurilma Snapdragon AR1 protsessori, 12 megapikselli kamerasi va 155 mA/soat sig‘imli akkumulyator bilan jihozlanadi.

Fevralda Samsung Galaxy S26 smartfonlarini o‘z ichiga olgan Galaxy Unpacked taqdimotini o‘tkazdi.

Unda kompaniya Galaxy S26, S26+ va S26 Ultra smartfonlari hamda Buds 4 quloqchinlarini taqdim etdi.