Android Headlines nashri hozircha Jinju kod nomi ostida ishlab chiqilayotgan Samsung smart-ko‘zoynaklarining ilk yuqori sifatli renderlarini e’lon qildi.
Tasvirlarga qaraganda, qurilmaning dizayni Meta bilan hamkorlikda yaratilgan mavjud Ray-Ban aqlli ko‘zoynaklaridan deyarli farq qilmaydi.
Sizdirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Galaxy Glasses’ning birinchi avlodi ichki displeyga ega bo‘lmaydi. Buning o‘rniga Samsung asosiy funksiyalarga urg‘u bermoqda.
Qurilma Snapdragon AR1 protsessori, 12 megapikselli Sony IMX681 kamerasi va 155 mA/soat sig‘imli akkumulyator bilan jihozlanadi.
Shuningdek, an’anaviy quloqchinlarsiz ovoz uzatish imkonini beruvchi, suyak orqali o‘tkazuvchanlikka ega dinamiklar ham bo‘lishi kutilmoqda.
Manba ma’lumotlariga ko‘ra, yangi mahsulot narxi $379 dan $499 gacha bo‘ladi. Bu modelni Meta kompaniyasining ikkinchi avlod Ray-Ban aqlli ko‘zoynaklari bilan bir xil narx segmentiga qo‘yadi.
Shu bilan birga, Samsung allaqachon qurilmaning yanada ilg‘or versiyasi ustida ishlamoqda. Haean kodli nomiga ega ko‘zoynaklar microLED displeyga ega bo‘ladi, biroq ularning chiqarilishi 2027-yildan oldin kutilmayapti.
Taxminiy narx $600 dan $900 gacha bo‘ladi va asosiy raqobatchi bo‘lajak Meta Ray-Ban Display modeli bo‘ladi.
Birinchi Galaxy Glasses’ning rasmiy taqdimoti yaqin oylarda bo‘lib o‘tishi mumkin. Android Headlines ma’lumotlariga ko‘ra, Samsung may oyida bo‘lib o‘tadigan Galaxy I/O tadbirida yoki yozgi Galaxy Unpacked taqdimotlaridan birida e’lon qilish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
Avvalroq Spot Samsung mobil bo‘linmasini “inqiroz rejimi"ga o‘tkazgani haqida yozgandi.
Bunga xotira chiplari tanqisligi va Yaqin Sharqdagi mojaro sababli logistika zanjirlarining buzilishi sabab bo‘lgan.