Turkiston shahrida bo‘lib o‘tayotgan Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammiti doirasida 15-may kuni Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Muloqotda O‘zbekiston-Qirg‘iziston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi. O‘zaro savdo hajmi tez o‘sib, sanoat, qishloq, suv xo‘jaligi va boshqa ustuvor sohalarda kooperatsiya loyihalari ilgari surilayotgani qayd etildi.
Oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari, energetika va transport sohalaridagi yirik mintaqaviy loyihalarni, shu jumladan, Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishini jadallashtirish choralari muhokama qilindi.
Shuningdek, yetakchilar mintaqaviy kun tartibining muhim jihatlari yuzasidan fikr almashib, bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlar rejasini ko‘rib chiqdi.



Bundan qariyb bir yarim yil avval — 2024-yilning 27-dekabr kuni Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishiga start berildi. Umumiy uzunligi 532,53 km bo‘lgan temir yo‘l yo‘nalishda yiliga 15 mln tonna yuk tashish, kelgusida yo‘lovchi poyezdlarini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
2025-yilning aprel oyi oxirida Qirg‘izistonning Jalolobod viloyati Suzak tumanida loyiha doirasida muhim obyektlar qurilishi boshlandi. Har birining uzunligi 10 kmdan ortiq bo‘lgan 3 ta tunnel quriladi.
Iyun oyi oxirida esa temir yo‘lning butun uzunligi bo‘ylab to‘liq hajmdagi qurilish ishlari boshlandi. Temir yo‘lning qariyb 40%i tonnel va ko‘priklar orqali o‘tadi. Loyiha doirasida 27 ta tonnel va 41 ta ko‘prik qurish, ishlarni 2030-yilgacha yakunlash rejalashtirilgan.
Dekabrda Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishini moliyalashtirish bo‘yicha kelishuv imzolandi. Qiymati $4,7 mlrdlik loyihani moliyalashtirish uchun mablag‘larning yarmi Xitoy krediti hisobidan, qolgan qismi esa uch davlatning qo‘shma loyiha kompaniyasidagi ulushlari orqali ta’minlanadi.
Avvalroq Spot Toshkent-Samarqand tezyurar temir yo‘li Xivagacha uzaytirilishi mumkinligi haqida yozgan edi.


