Toshkent-Samarqand tezyurar temir yo‘l magistrali Xivagacha uzaytirilishi mumkin. Bu haqda 5-may kuni Samarqandda bo‘lib o‘tgan Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 59-yillik yig‘ilishi doirasida transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev Spot’ga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Biz endigina [Toshkent-Samarqand] yuqori tezlikdagi magistralning 300 km qismini loyihalashni yakunladik. [Yo‘lga ketadigan vaqt] 1 soat 40 daqiqani tashkil etadi. Keyin esa baribir qurilishni davom ettirish kerak bo‘ladi. Nega Xivagacha uzaytirmaslik kerak?”, — dedi vazir o‘rinbosari.
Agar yo‘nalish Xivagacha uzaytirilsa, safar vaqti hozirgi 7,5 soatdan taxminan 5 soatgacha qisqarishi mumkin. Choriyevning aytishicha, ushbu yo‘nalishda Janubiy Koreyaning Hyundai Rotem poyezdlaridan foydalanilishi mumkin, boshqa poyezdlar ham istisno qilinmagan. “Asosiysi — bizda temiryo‘l bo‘ladi”, — dedi u.
Aprel oyi oxirida Janubiy Koreya kompaniyalari konsorsiumi joriy yilda qurilishi boshlanishi mumkin bo‘lgan Toshkent-Samarqand tezyurar temir yo‘l magistrali loyihasining texnik-iqtisodiy asoslanishi bo‘yicha yakuniy hisobotni taqdim etdi. Transport vazirligi tender e’lon qilinishidan oldin hujjatni qayta ishlab chiqish va investorlar uchun yanada jozibador qilish niyatida.
5-maydan boshlab Toshkent va Xiva o‘rtasida Janubiy Koreyada ishlab chiqarilgan Hyundai Rotem (Jaloliddin Manguberdi) tezyurar poyezdi qatnovi yo‘lga qo‘yildi. Poyezd yetti vagondan iborat bo‘lib, soatiga 250 km tezlikka erisha oladi.
Avvalroq Spot Toshkent viloyatida Nurafshon-Bekobod temir yo‘li qurilishi boshlangani haqida yozgan edi.