O‘zbekiston temir yo‘llari kompaniyasi Nurafshon-Piskent-Bo‘ka-Bekobod-Boyovut-Yangiyer yo‘nalishida yangi elektrlashtirilgan temir yo‘l tarmog‘i qurilishi boshlanganini ma‘lum qildi.
7-may kuni Toshkent viloyatining O‘rtachirchiq va Bekobod tumanlarida umumiy uzunligi 110 kilometr bo‘lgan loyihaga start berildi.
Loyiha doirasida 4 ta temir yo‘l bekati, 21 ta yo‘l o‘tkazgich, 6 ta ko‘prik hamda 1 ta nim tortish stansiyasi qurilishi rejalashtirilgan.
Qayd etilishicha, yangi temir yo‘l liniyasi avtomobil yo‘llari bilan kesishmasdan loyihalashtirilgan.
Bundan tashqari, yo‘nalish aholi yashash hududlarini chetlab o‘tadi va uning atrof-muhitga salbiy taʼsiri minimal darajaga tushirilishi aytilmoqda.
O‘tgan yilning noyabrida prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda Nurafshon — Pskent — Bo‘ka — Bekobod — Boyovut — Yangiyer va Xovos — Dashtobod yo‘nalishlarida elektrlashtirilgan yangi temir yo‘llar qurilishi haqida aytilgandi.
Spot, avvalroq, Toshkent-Samarqand tezyurar temir yo‘li qurilishi joriy yilda boshlanishi mumkinligi haqida yozgandi.
