O‘zbekiston Qozog‘iston va Qirg‘iziston bilan ayrim chegara bojxona postlarida yagona nazorat tizimini joriy etish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Farhod Olimjonov 11-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumani doirasida Spot muxbiriga ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, One Stop tamoyilini joriy etishning uchta shakli mavjud. Birinchi shaklda ikki davlat bojxona organlari bitta tom ostida faoliyat yuritsa, ikkinchisida ular alohida tom ostida ishlaydi: biri eksport, ikkinchisi import jarayonlarini rasmiylashtiradi.
Uchinchi shakl esa bojxona nazorati tamoyillarini o‘zaro tan olishni nazarda tutadi. Bunda bir mamlakat bojxona organlari tekshirgan yukni ikkinchi davlat bojxonasi qayta tekshirmaydi. Bu mexanizm o‘zaro axborot almashinuvi orqali ishlaydi.
“Masalan, bizdan ketayotgan eksportni biz tekshirgan bo‘lsak, import jarayonini qo‘shni mamlakatimiz, masalan Qozog‘iston tekshirmaydi. Yoki ularda tekshirilgan bo‘lsa, bizlarda tekshirilmaydi”, — dedi Olimjonov.
Uning ta’kidlashicha, hozirgi kunda ayrim chegara bojxona postlarida ushbu tamoyilni joriy etish vazifasi mavjud. Bu borada Tashqi ishlar vazirligi, Transport vazirligi va Bojxona qo‘mitasi qo‘shni davlatlar, jumladan, Qozog‘iston va Qirg‘iziston bilan muzokaralar olib bormoqda.
“Bu bitta O‘zbekistonning xohishi bilan hal bo‘ladigan masala emas. Muzokaralar orqali aynan qaysi shaklda One Stop tamoyilini ishga tushirishni kelishib olishimiz kerak”, — deya ta’kidladi qo‘mita vakili.
Biroq tamoyilning qaysi shakli tanlanishi va uni qachon ishga tushirish bo‘yicha hozircha yakuniy qaror yo‘q.
Joriy yilning iyul oyida Bojxona qo‘mitasi raisi Akmalxo‘ja Mavlonov qo‘shni davlatlar bilan chegarada One Stop tamoyilini joriy etish ko‘zda tutilganini ma’lum qilgandi. Qo‘mita raisi maslahatchisi Rustam Qobilov esa tizim qo‘shni davlatlar bilan muzokaralar orqali bosqichma-bosqich joriy etilishini bildirgan. Natijada chegaradan o‘tish vaqtini ikki barobarga qisqartirish kutilmoqda.