Avvalroq Spot prezident transport-logistika tizimini rivojlantirish va mamlakatning tranzit salohiyatidan samarali foydalanish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishgani haqida yozgandi.

Bojxona qo‘mitasi raisi Akmalxo‘ja Mavlonov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida xorijiy davlatlar, xususan, qo‘shni mamlakatlar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik natijasida chegarada avtotransport vositalarining harakati keskin oshayotganini qayd etdi.

Uning ma’lum qilishicha, so‘nggi uch yilda O‘zbekiston chegara bojxona postlari orqali harakatlanayotgan yuk avtomobillari soni 70% ga oshib, sutkasiga o‘rtacha 5,1 mingdan ortgan.

Mavlonov amaldagi beshta bojxona-logistika markazi mavjud yuk oqimini qamrab olishga ulgurmayotganini ta’kidladi. Shu bois yana to‘qqizta logistika markazini ishga tushirish, chegara postlarini rekonstruksiya qilish hamda haydovchilar uchun oshxona, yotoqxona va boshqa zarur infratuzilmalarni barpo etish bo‘yicha topshiriq berilgan.

“O‘tkazuvchanlik quvvatini oshirish maqsadida ikkita davlat bilan chegaradagi postlarni yakdil qilib, o‘rtaga bitta post — yagona to‘xtash (one stop) joyini tashkil qilish orqali [avtomobillarga] yengillik yaratish topshirildi. Buning ijrosi kelgusida to‘liq ta’minlanadi”, — dedi Akmalxo‘ja Mavlonov.

bojxona qo‘mitasi, chegara posti, nazorat o‘tkazish punkti, one stop, transport, yagona to‘xtash

Akmalxo‘ja Mavlonov. Foto: skrinshot

Bojxona qo‘mitasi raisining qayd etishicha, chora-tadbirlar natijasida O‘zbekiston chegaralari orqali kuniga 10 mingdan ortiq yuk avtomobili harakatlanadi. Bu esa yangi ish o‘rinlarini yaratib, mamlakatning iqtisodiy salohiyatini oshirishga xizmat qiladi. “Shuning uchun ham bu ishlarni zudlik bilan yakunlash va yo‘lga qo‘yish kerak bo‘ladi”, — dedi Mavlonov.

Qo‘mita raisi maslahatchisi Rustam Qobilovning aytishicha, prezident 2030-yilgacha chegaralardan o‘tuvchi yuk avtomobillari sonini kuniga kamida 10,5 mingtagacha yetkazish vazifasini qo‘ygan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, buning uchun sakkizta chegara bojxona posti rekonstruksiya qilinadi, uchta chegara postlarida yangi bojxona terminallari va avtoturargohlar barpo etiladi. Davlat rahbari ularni moliyalashtirish manbalarini hamda ishlarni bosqichma-bosqich amalga oshirish tartibini belgilab berdi.

Bundan tashqari, Qobilov qo‘shni davlatlar bilan chegaradagi avtomobil o‘tkazish punktlarida yagona to‘xtash tamoyilini bosqichma-bosqich joriy etish vazifasiga to‘xtaldi. Amaldagi tartibda transport vositalari avval O‘zbekiston, so‘ng qo‘shni mamlakat hududidagi nazorat punktlarida alohida to‘xtab, bojxona va chegara nazoratidan o‘tadi.

Uning tushuntirishicha, One Stop tizimida ikki davlatning nazorat organlari bitta punktda faoliyat yuritadi. Natijada transport vositasi faqat bir marta to‘xtaydi, hujjatlar bir joyda rasmiylashtiriladi va ko‘rik ham birgalikda o‘tkaziladi.

bojxona qo‘mitasi, chegara posti, nazorat o‘tkazish punkti, one stop, transport, yagona to‘xtash

Rustam Qobilov. Foto: skrinshot

Rustam Qobilovning aytishicha, mazkur tizimni joriy etish uchun qo‘shni davlatlar bilan muzokaralar olib boriladi. U strategik va uzoq muddatli loyiha bo‘lib, buning natijasida transport vositalarining chegaradan o‘tish vaqti ikki barobarga qisqarishi hamda transport-logistika tizimi samaradorligi oshishi kutilmoqda.

Avvalroq Spot O‘zbekiston va Afg‘oniston chegarasida 50 gektar maydonda logistika markazi qurilishi haqida yozgan edi.