Shavkat Mirziyoyev transport-logistika tizimini rivojlantirish va mamlakatning tranzit salohiyatidan samarali foydalanish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Bugungi kunda O‘zbekistonning Sharq va G‘arbni bog‘lovchi quruqlikdagi yirik transport xabiga aylanishi uchun keng imkoniyatlar mavjud. Mamlakat hududidan xalqaro ahamiyatga ega 4 ming kilometr tranzit yo‘laklari o‘tadi, 4 700 kilometr temir yo‘l tarmog‘i bor.
Toshkent shahri, Navoiy va Namanganda zamonaviy transport-logistika markazlari va “quruqlik portlari” rivojlanmoqda. Navoiy aeroporti Yevroosiyo havo yo‘laklarida muhim kargo tuguni vazifasini bajarmoqda.
Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston temir yo‘lini qurish, Transafg‘on temir yo‘li loyihasini jadallashtirish mamlakatning mintaqaviy va xalqaro transport tizimidagi o‘rnini yanada mustahkamlaydi.
Ushbu yirik loyihalar ishga tushishi natijasida O‘zbekiston Tinch okeanidan Yevropagacha bo‘lgan eng qisqa quruqlik yo‘lagining asosiy bo‘g‘iniga aylanadi. Mazkur yo‘nalish anʼanaviy yo‘nalishlarga nisbatan yuk tashish vaqtini 3 barobargacha qisqartirib, 8 kungacha tushirish imkonini beradi.
Shuningdek, Pokistonning Karachi va Gvadar portlari orqali Hind okeaniga, qariyb 2 mlrd aholi yashaydigan Janubiy Osiyo bozorlariga chiqish uchun eng tezkor yo‘l ochiladi.
Taqdimotda mamlakatda bu boradagi imkoniyatlardan hali to‘liq foydalanilmayotgani qayd etildi.
Xitoy va Yevropa o‘rtasida yillik tovar aylanmasi $800 mlrdni, yuk tashish hajmi esa 120−150 mln tonnani tashkil etadi.
Agar O‘zbekiston yiliga qo‘shimcha 15−20 mln tonna xalqaro tranzit yukini qabul qila olsa, $400−600 mln qo‘shimcha daromad, logistika markazlari va terminallar qurilishiga $3 mlrd xorijiy investitsiya, 50 mingta barqaror ish o‘rni yaratish imkoniyati paydo bo‘ladi. Bu iqtisodiyot o‘sishiga qo‘shimcha 1,5−2% lik surʼat berishi mumkin.
Biroq hozircha O‘zbekistonning ushbu tranzit aylanmasidagi ulushi 1−2% dan oshmayapti. 2025-yilda tranzit yuk tashish hajmi 15,3 mln tonnani tashkil etib, 2021-yilga nisbatan 54% o‘sgan bo‘lsa-da, mavjud salohiyat bundan ancha yuqori.
Tahlillarga ko‘ra, chegara o‘tkazish punktlari ko‘p bo‘lishiga qaramay, ularning aksariyati xalqaro yuklarni tezkor qabul qilish va rasmiylashtirish quvvatiga ega emas.
Mamlakatda xalqaro talabga mos 27 ta logistika markazi mavjud bo‘lib, ularning umumiy quvvati 27,2 mln tonnani tashkil etadi. Biroq faqat bittasi yuqori toifaga ega. Avtomatlashgan A toifadagi omborlar jami ehtiyojning 10−15% ini qoplaydi, zamonaviy muzlatkichli va bojxona omborlari yetishmaydi.
Shuningdek, logistika markazlari asosan Toshkent shahri va uning atrofida joylashgani, konteynerlashtirish ulushi pastligi, davlat organlari va xususiy logistika markazlari o‘rtasida axborot tizimlari to‘liq integratsiya qilinmagani, sohada raqamlashtirish darajasi yetarli emasligi ko‘rsatib o‘tildi.



Taqdimotda Xonobod va Angren shaharlari, Yangiyo‘l, Ohangaron, Olot va Termiz tumanlarini transport-logistika sohasiga ixtisoslashtirish taklif etildi.
Xonobod shahri Xitoy yo‘li darvozasi sifatida Xitoy — Markaziy Osiyo — Kaspiy — Kavkaz — Yevropa, Xitoy — Markaziy Osiyo — Transafg‘on hamda Xitoy — Markaziy Osiyo — Eron tranzit yo‘laklariga xizmat qiladi. Angren shahri, Yangiyo‘l va Ohangaron tumanlari tranzit va tashqi savdo yuklarini oraliq taqsimlash markazlari sifatida rivojlantiriladi.
Olot tumani O‘rta yo‘lak darvozasi sifatida Xitoy — Markaziy Osiyo — Kaspiy — Kavkaz — Yevropa hamda Xitoy — Markaziy Osiyo — Eron yo‘nalishlariga, Termiz tumani esa Transafg‘on yo‘lagi darvozasi sifatida Xitoy — Markaziy Osiyo — Transafg‘on — Pokiston transport yo‘lagiga ixtisoslashadi.
Ushbu hududlarda logistika markazlari tashkil etmoqchi bo‘lgan tadbirkorlarga har bir hududda 50 gektardan, jami 300 gektar yer maydoni taklif etiladi. Bu maqsadlar uchun har yili $200 mlnlik imtiyozli va kam foizli kredit liniyalarini yo‘naltirish nazarda tutilmoqda. Logistika markazlari uchun tashqi infratuzilma budjet hisobidan barpo etiladi.
Shuningdek, Qibray va Termiz tumanlarida bojxona terminali hamda avtoturargohlar qurish, Xonobod shahrida xalqaro temir yo‘l chegara o‘tkazish punktini barpo etish, Yangiyo‘l tumanidagi temir yo‘l stansiyasini kengaytirish, Ohangaron tumanida A toifadagi yirik logistika markazini qurish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Spot, avvalroq, Pokiston kompaniyasi O‘zbekistonda MDHga dori yetkazish xabini tashkil etishi haqida yozgandi.


