Pokiston kompaniyasi O‘zbekistonda farmatsevtika mahsulotlari logistika xabini tashkil etadi. Bu haqda Dunyo axborot agentligi xabar berdi.
O‘zbekistonning ushbu mamlakatdagi elchisi Alisher To‘xtayev Pokistonning Shaigan Pharma farmatsevtika kompaniyasi faoliyati bilan tanishdi. U, shuningdek, kompaniya rahbari Vaxid Ahmed bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Kompaniyaning zamonaviy ishlab chiqarish jarayonlari, mavjud texnologik quvvatlari, ishlab chiqarilayotgan mahsulot turlari hamda eksport salohiyati haqida batafsil maʼlumot berildi.
Elchi korxonada dori vositalari va vitamin komplekslarini ishlab chiqarish jarayoni, sifat nazorati tizimi hamda xalqaro standartlarga muvofiqlik masalalari bilan ham tanishdi.
Muzokaralarda O‘zbekistonda farmatsevtika sohasini jadal rivojlantirish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar haqida maʼlumot berildi.
Xususan, Tashkent Pharma Park innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasteri hududida xorijiy investorlar uchun taqdim etilayotgan imtiyozlar, soliq va bojxona yengilliklari, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi hamda loyihalarni amalga oshirish uchun mavjud imkoniyatlar xususida so‘z yuritildi.
Tomonlar mahsulotlarni mahalliylashtirish, eksportga yo‘naltirilgan qo‘shma ishlab chiqarishni tashkil etish, shuningdek, O‘zbekiston orqali Markaziy Osiyo va MDH davlatlari bozorlariga chiqish istiqbollarini muhokama qildi.
O‘zbekistonning qulay geografik joylashuvi, rivojlanayotgan transport-kommunikatsiya tarmoqlari va mintaqaviy logistika markazi sifatidagi imkoniyatlari alohida taʼkidlandi.
Muloqot davomida Shaigan Pharma kompaniyasi ishtirokida O‘zbekistonda logistika xabini tashkil etish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Bu orqali kompaniya mahsulotlarini Markaziy Osiyo mamlakatlari va MDH hududiga tezkor va samarali yetkazib berish imkoniyati yaratiladi.
Kompaniya rahbariyati mazkur tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, O‘zbekiston bilan amaliy hamkorlikni kengaytirishga katta qiziqish bildirdi.
Shu munosabat bilan, joriy yilning iyul oyida O‘zbekistonga biznes-missiya bilan tashrif buyurishga tayyor ekanliklari maʼlum qilindi.
Tashrif doirasida Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi rahbariyati bilan istiqbolli qo‘shma loyihalarni muhokama qilish va farmatsevtika korxonalari, investitsiya va logistika obyektlari bilan tanishish rejalashtirilmoqda.
Shaigan Pharma — 1993 yilda tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda Pokistonning yetakchi farmatsevtika ishlab chiqaruvchilaridan biri hisoblanadi.
Kompaniya tomonidan 200 dan ortiq turdagi farmatsevtika mahsulotlari, jumladan, vitaminlar, ozuqa qo‘shimchalari, antibiotiklar va boshqa dori vositalari ishlab chiqariladi.
Avvalroq Spot dorilar taqchilligini sun‘iy yaratganlarga jarima qo‘llanilishi haqida yozgandi.