O‘zbekistonda Google Pay xizmati ishga tushirilmoqda. Bu haqda 19-oktabr kuni Samarqandda o‘tkazilayotgan C5+1 formatidagi tadbirlar doirasidagi panel sessiyasida ma’lum qilindi, deya xabar berdi Raqamli texnologiyalar vazirligi matbuot xizmati.
Unda so‘zga chiqqan Google Cloud kompaniyasining Markaziy va Sharqiy Yevropa bo‘yicha hukumat bilan aloqalar va davlat siyosati masalalari rahbari Marsin Krasuski mazkur xizmat mamlakatda ish boshlayotganini e’lon qildi.
“Menimcha, O‘zbekiston ilg‘or raqamli tartibga solish bo‘yicha yetakchilardan biri. Shu sababli bugun Google O‘zbekistonda GPay — Google Pay xizmatini ishga tushirayotganini mamnuniyat bilan e’lon qilaman”, — dedi u.
Sessiya Markaziy Osiyo davlatlari va AQSH davlat idoralari vakillari, shuningdek, yetakchi kompaniyalar ishtirokidagi biznes dastur doirasida o‘tkazilmoqda.
Joriy yil 26-mart kuni prezident “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida"gi qonunga o‘zgartirishlar kiritish haqidagi qonunni imzolagan edi. Hujjat bilan barcha shaxsiy ma’lumotlarni faqat O‘zbekiston hududidagi serverlarda saqlash talabi bekor qilindi. Endilikda bu talab faqat biometrik va genetik ma’lumotlar hamda telekommunikatsiya operatorlari abonentlari ma’lumotlariga nisbatan saqlanib qolgan. Qolgan shaxsiy ma’lumotlarni esa ma’lum shartlarga rioya qilingan holda xorijda qayta ishlash mumkin.
Iyul oyida O‘zbekistonda Apple Pay va Google Pay xalqaro to‘lov xizmatlarini ishga tushirish uchun texnik ishlar olib borilayotgani ma’lum qilindi. Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, sentabr oyida xizmatlarni ishga tushirish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazilishi rejalashtirilgan, biroq ular aynan shu oyda ishga tushirilishi ko‘zda tutilmagan.
Undan keyin Markaziy bankning To‘lov tizimlarini rivojlantirish departamenti rahbari Jamshid Usmanov Apple Pay va Google Pay xizmatlari yaqin oylarda ishga tushishi mumkinligini Spot’ga ma’lum qildi. Uning qayd etishicha, tijorat banklari, Humo va Uzcard bilan birgalikda xizmatlarni texnik integratsiya qilish ishlari olib borilmoqda.
Markaziy bank xalqaro Visa va Mastercard kartalaridan tashqari, mahalliy Humo va Uzcard kartalarini ham xizmatlarga ulash ustida ishlamoqda. Dastlab bir yoki bir nechta bank yoxud milliy to‘lov operatorlaridan biri xizmatni ishga tushirishi mumkin. Usmanovning aytishicha, yaqin bir necha oy ichida loyiha bo‘yicha ijobiy yangiliklar kutilmoqda.
Shaxsiy ma’lumotlar masalasi
Prezident o‘tgan yilning noyabrida AQSHga tashrifi chog‘ida ushbu mamlakat kompaniyalari bilan raqamli platformalarni tartibga solish va shaxsiy ma‘lumotlarni himoya qilish bo‘yicha qonunchilik yangilanayotganini maʼlum qilgandi.
2024-yilning oktabr oyida hukumat Turizm qo‘mitasi, Markaziy bank va Raqamli texnologiyalar vazirligiga Alipay, Apple Pay, Google Pay, Paypal, UniPay xalqaro to‘lov xizmatlarini O‘zbekiston to‘lov tizimlari va xizmatlariga ulash bo‘yicha muzokaralar olib borishni topshirgandi. Shu bilan birga, milliy qonunchilik talablarini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha takliflar kiritish belgilangandi.
2025-yilning avgust oyida TBC Uzbekistan bosh direktori Nika Kurdiani Apple Pay va Google Pay bulutli xizmatlarni cheklovchi shaxsiy ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonun tufayli O‘zbekiston bozoriga kira olmayotganini qayd etgandi. BILLZ bosh direktori Rustam Hamdamov esa mamlakatda ma’lumotlarni saqlash xarajatlari yuqoriligi va zamonaviy ma’lumotlar markazlari yetishmasligini ta’kidladi.
Bundan tashqari, MyTaxi va Express24 asoschisi Akmal Paizievning fikricha, bulutli xizmatlarning yo‘qligi hamda infratuzilma muammolari sababli iste’dodli startaplar qo‘shni davlatlarga chiqib ketmoqda, xorijiy kompaniyalar esa mamlakat bozorini chetlab o‘tmoqda.