Hududiy elektr tarmoqlari elektr ta’minotidagi rejali uzilishlar haqida iste’molchilarni oldindan xabardor qilish tizimini joriy etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda 8-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida kompaniya raisi Sardor Isaqulov ma’lum qildi.

Uning ta’kidlashicha, elektr ta’minotidagi uzilishlarni butunlay istisno qilish mumkin emas. Chunki elektr tarmoqlarida avariyaviy uzilishlar ham yuz berishi mumkin. Shu bilan birga, tarmoqlarni modernizatsiya qilish va ta’mirlash uchun rejali o‘chirishlar zarur. Aks holda, tarmoqlarni ta’mirlamasdan qish mavsumiga kirishga to‘g‘ri keladi.

“„Svet“ o‘chmaydi emas, o‘chadi. Avariya sababli o‘chishlar bor. Bir narsani to‘g‘ri tushunish kerakki, bularning hammasi qurilma. Tekis yo‘lda ketayotgan mashinaning baloni teshilmasligiga kafolat bera olmaysiz-ku. Elektr energiyasi ham o‘chadi. Faqat bu qanday? U rejali o‘chishi mumkin”, — dedi Isaqulov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi kunda sutkalik elektr energiyasi iste’moli 200 mln kVt/soatga yetmoqda, yozda esa bu qariyb 150 mln kVt/soat atrofida bo‘lgan. Hozirgi vaqtda yozgi elektr energiyasi iste’moli qishki iste’moldan yuqori. Isaqulov yozgi mavsumga ham oldindan tayyorgarlik ko‘rish zarurligini ta’kidladi. Buning uchun elektr tarmoqlarida izolatorlarni almashtirish, simlarni to‘g‘rilash va boshqa ta’mirlash ishlarini bajarish kerak. Xodimlar xavfsizligini ta’minlash maqsadida bunday ishlar davomida elektr tarmog‘i vaqtincha o‘chiriladi.

HET rahbarining tushuntirishicha, bitta tarmoqqa o‘rtacha 15−20 ta transformator punkti ulangan bo‘lishi mumkin. Tarmoq ta’mirlash uchun o‘chirilganda, unga ulangan transformator punktlarida ham elektr ta’minoti vaqtincha uziladi. Brigadalar kun davomida ta’mirlash ishlarini bajaradi.

Kompaniya tizimni raqamlashtirish bo‘yicha strategiya ishlab chiqdi. Ishlar Sardor Isaqulov kompaniya raisi lavozimiga kelganidan keyingi ikki yarim oy davomida olib borilgan. Texnik talablar ishlab chiqilib, Uzinfocom bilan hamkorlikda tizimning dastlabki taqdimoti o‘tkazildi. Loyiha doirasida xodimlarning ish joyida vazifalarini bajarishi, ularga ajratilgan materiallarning belgilangan manzilga yetkazilishi hamda elektr qurilmalarida amalga oshirilayotgan ishlarni nazorat qilish tizimi joriy etiladi.

Shuningdek, rejali ta’mirlash ishlari sababli elektr ta’minoti vaqtincha uzilishi haqida iste’molchilarni oldindan ogohlantirish imkoniyati yaratiladi. Buning uchun iste’molchining telefon raqami uning hisob raqami va u ulangan transformator punktiga biriktiriladi.

Transformator punktida rejali ta’mirlash ishlari o‘tkaziladigan bo‘lsa, iste’molchilarga bir yoki ikki kun oldin Telegram-bot orqali xabar yuboriladi. Unda elektr ta’minoti qaysi vaqtda uzilishi va qachon tiklanishi ko‘rsatiladi. Masalan, iste’molchi ertasi kuni soat 08:00 dan 17:00 gacha uning uyida elektr ta’minoti vaqtincha uzilishi haqida oldindan ogohlantiriladi.

Sardor Isaqulovning aytishicha, tizimni ishga tushirishning aniq muddati navbatdagi taqdimotdan so‘ng ma’lum bo‘ladi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, uni tayyorlash uchun ikki-uch oy vaqt talab etilishi mumkin. Buning uchun zarur ma’lumotlarni tizim bazasiga to‘liq kiritish kerak. Shuningdek, call-markaz xizmatlari ham yangi mobil ilovaga biriktiriladi.

Avvalroq Spot Energetika vazirligi qishda rejali ta’mirlashlardan tashqari elektr uzilishlari bo‘lmasligini aytgani haqida yozgan edi.