Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev raisligida yoqilg‘i-energetika tarmog‘ida kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilayotgani haqida yozgan edi.

Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov hamda Hududiy elektr tarmoqlari boshqaruvi raisi Asrorjon Askarov tizimdagi jiddiy kamchiliklar uchun lavozimidan ozod etildi.

Shuningdek, Milliy elektr tarmoqlari, Issiqlik elektr stansiyalari, Transgaz va Hududgaz rahbarlariga yil yakunigacha sinov muddati berilib, natija bo‘lmasa lavozimidan olinishi haqida ogohlantirildi.

Hududiy elektr tarmoqlari rahbari etib Sardor Isaqulov tayinlandi. Bunga qadar u Bo‘ka tumani hokimi lavozimida ishlab kelayotgan edi.

Prezident Isaqulov bilan birga, yangi energetika vaziri Sherzod Xodjayev, O‘zenergoinspeksiyaning yangi boshlig‘i Axad Isoqjonovga bugundan yangicha ish uslubini joriy qilish vazifasini topshirdi.

Sardor Isaqulov kim?

Sardor Dadajonovich Isoqulov 1986-yili Toshkent viloyatida tug‘ilgan. Ma’lumoti — oliy. 2011-yilda Toshkent davlat texnika universitetini tamomlagan.

U mehnat faoliyatini 2006-yili Markaziy magistral elektr tarmoqlari elektr energiyasini uzatilishini hisoblash bo‘limida elektr montyori vazifasidan boshlagan. Energetika vazirligida mas’ul vazifalarda ishlagan.

Shuningdek, Issiqlik elektr stansiyalari boshqaruv raisining ishlab chiqarish, mahalliylashtirish, koperatsion aloqalarni kengaytirish bo‘yicha birinchi o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritgan.

Sardor Isoqulov 2024-yilning aprel oyidan Parkent tumani hokimi lavozimiga, 2025-yilning noyabr oyidan boshlab esa Bo‘ka tuman hokimi lavozimiga tayinlangan.

Avvalroq Spot Abdulla Abduqodirov Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi rahbarining birinchi o‘rinbosari etib tayinlangani haqida yozgan edi.