Sherzod Xodjayev energetika vaziri etib tayinlandi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

Prezidentining tegishli farmonlari bilan Sherzod Xikmatullayevich Xodjayev O‘zbekiston energetika vaziri lavozimiga tayinlandi. Shu munosabat bilan u Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi direktori lavozimidan ozod etildi.

Shu bilan birga, Jo‘rabek Mirzamahmudov energetika vaziri lavozimidan ozod etildi. U mazkur lavozimda qariyb to‘rt yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan edi.

Bundan ilgariroq Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar energetika vaziri lavozimiga Xodjayev nomzodini ko‘rib chiqib, ma’qullagan edi.

Quyi palata amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq, hukumat a’zolari, vazirlar lavozimga tayinlanishidan avval ularning nomzodi Oliy Majlis Qonunchilik palatasida deputatlar tomonidan ko‘rib chiqilishini eslatgan.

Sherzod Xodjayev kim?

U mehnat faoliyatini 1998-yilda Energetika va elektrlashtirish vazirligi tizimida boshlagan. Dastlab energetikada boshqaruvni avtomatlashtirish yo‘nalishida dasturchi-muhandis sifatida faoliyat yuritgan.

2001-yildan boshlab O‘zbekenergo tizimida turli lavozimlarda ishlagan. U axborot texnologiyalari, avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlari, energiya tahlili va prognozlashtirish yo‘nalishlarida tajriba orttirgan. Keyinchalik Energosotish filialida bo‘lim boshlig‘i, direktor o‘rinbosari va 2017−2018-yillarda filial direktori lavozimlarida faoliyat yuritgan.

2018−2019-yillarda O‘zbekenergo huzuridagi elektr energiyasini hisobga olish va nazorat tizimlarini rivojlantirish yo‘nalishidagi tuzilmaga rahbarlik qilgan. 2019−2023-yillarda O‘zbekiston energetika vazirining o‘rinbosari lavozimida ishlagan. 2023-yilda Energetika vazirligi huzuridagi elektr energetikasi tarmog‘ini isloh qilish bo‘yicha Loyiha ofisini boshqargan.

2024-yildan hozirgi vaqtga qadar Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi direktori lavozimida ishlab kelayotgan edi. Uning vazifasi agentlik faoliyatiga umumiy rahbarlik qilish, davlat topshiriqlari ijrosini ta’minlash, normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqilishini tashkil etish hamda soha rivoji bo‘yicha qarorlar qabul qilishdan iborat edi.

Shuningdek, Xodjayev agentlik xodimlari faoliyatini boshqarib, ichki nazoratni yo‘lga qo‘yishi, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishi va energetika bozori ishtirokchilari bilan ishlashni tashkil etishi belgilangan edi.

Avvalroq Spot Abdulla Abduqodirov Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi rahbarining birinchi o‘rinbosari etib tayinlangani haqida yozgan edi.