Prezidentning tegishli farmoni bilan O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov lavozimidan ozod etildi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

U mazkur lavozimda qariyb to‘rt yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan edi. Mirzamahmudov 2022-yil sentabr oyida sog‘lig‘i sabab iste’foga chiqqan Alisher Sultonov o‘rniga vazir etib tayinlangandi.

Jo‘rabek Tursunpulatovich Mirzamahmudov 1979-yil 13-yanvarda Namangan viloyatining Uychi tumanida tug‘ilgan. Ma’lumoti — oliy. 2001-yilda Xantsvildagi (AQSH) Alabama universiteti (bakalavr), 2005-yilda Toshkent kimyo-texnologiya instituti (magistr) ni tamomlagan.

Mehnat faoliyatini Buxoro neftni qayta ishlash zavodida boshlagan. Turli yillarda O‘zbekneftgaz,O‘zkimyosanoat va Iqtisodiyot vazirligi tuzilmalarida rahbarlik lavozimlarida ishlagan, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining Yoqilg‘i-energetika kompleksini rivojlantirish masalalari axborot-tahlil departamentini boshqargan.

Mirzamahmudov 2018-yil iyunidan O‘zatom agentligini boshqargan, 2019-yil fevralidan 2020-yil noyabrigacha energetika vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan. O‘shanda u O‘zatom va O‘zkimyosanoatdagi rahbarlik lavozimlarini saqlab qolgan.

2022-yil 29-sentabr kuni prezident farmoni bilan Jo‘rabek Mirzamahmudov O‘zbekiston bosh vazirining yoqilg‘i-energetika va kimyo sohalarini rivojlantirish bo‘yicha o‘rinbosari — energetika vaziri lavozimiga tasdiqlandi.

Avvalroq Spot Abdulla Abduqodirov Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi rahbarining birinchi o‘rinbosari etib tayinlangani haqida yozgan edi.