Shavkat Mirziyoyev raisligida yoqilg‘i-energetika tarmog‘ida kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi boshlandi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari so‘nggi o‘n yilda energetika sohasida juda katta islohotlar amalga oshirilganini ta‘kidladi. Qonun va qarorlar qabul qilinib, sohada xususiy sektor va xorijiy investorlar uchun yo‘l ochildi.
Prezident investorlar bilan bir necha bor shaxsan uchrashib, ularning takliflarini eshitganini qayd etdi. Har bir yirik loyihani amalga oshirish uchun sharoit yaratilib, zarur kafolatlar berildi.
Natijada energetika sohasiga $23 mlrd xorijiy investitsiya kiritildi, joylarda 9,5 gigavattli elektr stansiyalari ishga tushirildi. Shu tariqa generatsiya bo‘yicha ichki ehtiyojni to‘liq qoplaydigan quvvatlar yaratildi.
So‘nggi yillarda elektr va gaz tarmoqlari, podstansiyalar, transformatorlar va gaz taqsimlash qurilmalarini yangilash uchun 30 trln so‘m ajratildi. Bu oldingi 25 yilda yo‘naltirilgan mablag‘dan 6 karra ko‘p.
“Ochiq aytish kerak. Energetikada muammo mablag‘da emas, chunki qancha kerak bo‘lsa, topib beryapmiz. Muammo tizimning boshqaruvida!” — dedi prezident.
Barcha hududlarda deyarli bir xil tarmoq bo‘lgani bilan ayrim tumanlar yaxshi ishlayotgani, boshqalarida esa doim avariya sodir bo‘layotgani ko‘rsatib o‘tildi. Bu talab nazorat va intizomning har xilligi bilan bog‘liq.
Energetika vazirligi va uning quyi bo‘g‘inlaridagi rahbarlarda ijro va mas‘uliyat yetishmayotgani tanqid qilindi. Shu bois, odamlar ham, tadbirkorlar ham tizimga mas‘ul rahbarlarning hozirgi ishidan mutlaqo norozi.
“Takror aytaman: tizimdagi har bir rahbarning qilayotgan ishi, eng avvalo, odamlarning hayotida, turmush tarzida sezilishi, tadbirkorlarning mushkulini oson qilishi kerak”, — dedi davlat rahbari.
Har yili yoz va qishda o‘nlab podstansiyalarda avariya bo‘lib, yuzlab transformatorlar yonib ketmoqda. Iyun-iyul oylarining o‘zida 4 mingga yaqin avariya sodir bo‘lib, aholi va tadbirkorlar 8−10 soatgacha elektrsiz qolgan.
So‘nggi besh yilda Shirin shahri, Yangihayot, Yakkasaroy va Ohangaron tumanida elektr iste‘moli 2 karradan ziyod oshgan. Biroq mas‘ullar va hokimlar tarmoqlarning bunday yuklamani ko‘tara olmasligini oldindan hisobga olmagan.
Prezident har bir uzilish tadbirkorlar va iqtisodiyotga qancha zarar keltirgani hisoblab chiqilmaganini tanqid qildi. Hokimlar energiya iste‘moli balansini aniq bilmagani uchun milliardlab mablag‘ havoga ketayotganini ko‘rsatib o‘tdi.
Biroz avval Jo‘rabek Mirzamahmudov energetika vaziri lavozimidan ozod etilib, Sherzod Xodjayev vazir etib tayinlangandi.
Spot, avvalroq, Axadxon Isoqjonov O‘zenergoinspeksiyaga rahbar bo‘lgani haqida yozgandi.