Axadxon Isoqjonov Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi boshlig‘i etib tayinlandi. Bu haqda prezident matbuot kotibi xabar berdi.
Mazkur tayinlovga qadar u Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan.
Ushbu lavozimda ishlab kelgan Dadajon Isaqulov esa boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan lavozimidan ozod etildi. U 2025-yil noyabridan buyon O‘zenergoinspeksiyaga rahbarlik qilib kelayotgandi.
Tayinlov prezidentning tegishli qarori bilan amalga oshirilgan.
Axadxon Isoqjonov 1978-yilda Namangan viloyatida tug‘ilgan.
U 2002-yilda Namangan muhandislik-iqtisodiyot institutini, 2010-yilda prezident huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini hamda 2023-yilda Toshkent kimyo-texnologiya institutini (sirtqi) tamomlagan.
Isoqjonov faoliyati davomida O‘ztransgaz aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining ishlab chiqarish bo‘yicha birinchi o‘rinbosari — bosh muhandisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi sifatida faoliyat yuritgan.
Dadajon Isaqulov (1961-yilda tug‘ilgan) mehnat faoliyatini Buka mashina-traktor parkida mexanik sifatida boshlagan. 1985-yilda Toshkent politexnika institutini tamomlagach, shu yerda muhandis bo‘lib ishlagan.
1986-yildan buyon energetika sohasida faoliyat yuritib, elektromontyorlikdan boshlab O‘zbekenergo raisining birinchi o‘rinbosari lavozimigacha bo‘lgan mehnat yo‘lini bosib o‘tgan.
Turli yillarda u Toshkent viloyatining tuman va magistral elektr tarmoqlariga rahbarlik qilgan, O‘zelektrtarmoq‘da direktor va bosh muhandis, Toshkent hududiy elektr tarmoqlari bosh direktori, shuningdek, O‘zdavenergonazorat hamda O‘zenergoinspeksiya boshlig‘i lavozimlarida ishlagan.
Spot, avvalroq, Sherzod Xodjayev energetika vaziri etib tayinlangani haqida yozgandi.