Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev raisligida yoqilg‘i-energetika tarmog‘ida kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilayotgani haqida yozgan edi.
Unda hozir ayrim hokimlarda infratuzilmani yaxshilash bo‘yicha aniq hisob-kitob mavjud emasligi ta’kidlandi.
Tarmoqdagi yo‘qotishlar 17,2% ni tashkil etmoqda. O‘tgan olti oyda 4,8 mlrd kilovatt-soat elektr energiyasi yo‘qotilgan. Andijon shahri, Asaka, Yangiobod, Koson, Ko‘kdala, Boysun, Oltinsoy, Qo‘shtepa, Toshloq, Qo‘shrabot va Samarqand tumanida yo‘qotishlar 25% dan yuqori.
ASKUE va ASKUG tizimi joriy qilinganiga to‘rt yildan oshgan bo‘lsa-da, aholi xonadonlariga o‘rnatilgan 300 mingta gaz va 234 mingta elektr hisoblagich tarmoqqa ma’lumot uzatmayapti. Oqibatda ayrim hududlarda debitor qarzdorlik kamayish o‘rniga ko‘paymoqda.
Lekin ko‘p rahbarlar samaradorlik deganda faqat quyosh paneli o‘rnatishni tushunib yurgani, uy energiya samarador bo‘lmasa, sarflangan mablag‘ behuda ketaverishi qayd etildi.
Yig‘ilishda Surxondaryodagi bug‘-gaz elektr stansiyasi qurilishi uchun joy noto‘g‘ri tanlangani tanqid qilindi. Gazni stansiyaga yetkazish uchun 300 million dollar sarflashga to‘g‘ri kelmoqda.
Tashabbuskor bilan tuzilgan shartnoma shartlari puxta o‘rganilmagani qo‘shimcha xarajat yuzaga kelish ehtimolini paydo qilgan. Mas’ullarga shartnoma shartlarini qayta ko‘rib chiqish topshirildi.
Tizimdagi jiddiy kamchiliklar uchun energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov va Hududiy elektr tarmoqlari rahbari Asrorjon Askarov lavozimidan ozod etildi.
Milliy elektr tarmoqlari, Issiqlik elektr stansiyalari, Transgaz va Hududgaz rahbarlariga yil yakunigacha sinov muddati belgilandi. Natija bo‘lmasa, ular ham ishdan ketishi ogohlantirildi.
Yangi energetika vaziri Sherzod Xodjayev, Hududiy elektr tarmoqlari’ning yangi rahbari Sardor Isaqulov va Energiya inspeksiyasining yangi boshlig‘i Axad Isoqjonov bugundan yangicha ish uslubini joriy qilishi shartligi ta’kidlandi.
“Hokimlar ham „Bu energetiklarning ishi“ deb xotirjam o‘tirishga haqqi yo‘q. So‘rov qattiq bo‘ladi”, — dedi prezident.
Spot, avvalroq, Axadxon Isoqjonov O‘zenergoinspeksiyaga rahbar bo‘lgani haqida yozgandi.