Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev raisligida hudud va tarmoqlarda iqtisodiy o‘sishni ta‘minlash bo‘yicha birinchi yarim yillik tahlili va kelgusi vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilayotgani haqida yozgan edi.
Yig‘ilishda strategik korxonalar xarajatlari alohida tahlil qilindi. Davlat rahbari ilgari tarmoqlar umumiy xarajatlarni foizda qisqartirgani haqida hisobot berib kelganini, biroq mahsulotning bir birlik tannarxi bo‘yicha tahlil haqiqiy holatni ko‘rsatganini ta’kidladi.
Masalan, Navoiy kon-metallurgiya kombinatida bir unsiya oltin tannarxi 8,2% ga oshgan. Korxonaning jami xarajatlari esa o‘tgan yilga nisbatan 6,2 trln so‘mga yoki 22% ga ko‘paygan.
Shuningdek, O‘zbekiston metallurgiya kombinatida po‘lat sharlar ishlab chiqarish tannarxi 5,4% ga, O‘zkimyosanoat tizimida karbamid tannarxi 11,1% ga, ammiakli selitra tannarxi esa 8,3% ga oshgani qayd etildi.
Yig‘ilishda xalqaro boshqaruv kompaniyasi Franklin Templeton IPOga chiqarilishi rejalashtirilgan 13 ta yirik davlat kompaniyasi faoliyatini tahlil qilgani ma’lum qilindi.
Unga ko‘ra, Uzbekistan Airways aviakompaniyasida marshrutlarning optimal tanlanmagani, reyslar orasidagi vaqtning uzoqligi, kechikishlar ko‘pligi, shuningdek, keytering va texnik xizmatda raqobat yo‘qligi sababli kompaniya yiliga $120 mln daromadni boy bermoqda.
Bundan tashqari, yig‘ilishda energetika infratuzilmasini rivojlantirish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Ta’kidlanishicha, kelgusi o‘n yilda energetika infratuzilmasi uchun $8 mlrd investitsiya talab etiladi.
Shu bilan birga, elektr va gaz tarmoqlaridagi yo‘qotishlarni kamaytirish orqali daromadni oshirish bo‘yicha ishlar yetarli darajada olib borilmayotgani qayd etildi. Joriy yilning olti oyida elektr energiyasi yo‘qotishlari 17,2% yoki 4,8 mlrd kVt-soatni tashkil etgan.
Gaz tarmog‘idagi yo‘qotishlar esa 7,6% yoki 797 mln kub metrga yetgan. Hududiy gaz tarmoqlari korxonalarida mehnat unumdorligi qo‘shni davlatlarga nisbatan 1,5−2 barobar past ekani ta’kidlandi.
Franklin Templeton tahlillariga ko‘ra, Hududiy elektr tarmoqlari’ning bozor qiymatini ikki barobarga, Uzbekistan Airways’nikini 40% ga, O‘zbektelekom'nikini esa 50% ga oshirish imkoniyati mavjud.
Avvalroq Spot Uzbekistan Airways‘ning IPO‘ga tayyorgarligi borasida Franklin Templeton izohini bergan edi.