O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasining (UzNIF) ishonchli boshqaruvchisi sanalgan Franklin Templeton kompaniyasi milliy aviatashuvchi — Uzbekistan Airways‘ni potensial IPO‘ga tayyorlash davom etayotganini tasdiqladi. Kompaniya Spot so‘roviga bergan javoblarida aksiyalarni joylashtirishning yakuniy muddatlari nafaqat aviatashuvchining tayyorligiga, balki bozor konyunkturasiga ham bog‘liq bo‘lishini ma‘lum qildi.

Yaqinda bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov Uzbekistan Airways aksiyalarini xalqaro kapital bozoriga joylashtirish 2027-yilda rejalashtirilayotganini ma‘lum qilgan edi. Avvalroq prezident farmonida aviakompaniya aksiyalarining 15−20% ini 2026-yilning ikkinchi yarmida sotish ko‘zda tutilgan edi.

“Franklin Templetonning Spot‘ga tushuntirishicha, IPO‘ga tayyorgarlik biznesni transformatsiya qilish, korporativ boshqaruv, moliyaviy hisobot va investorlar bilan o‘zaro aloqa tizimini takomillashtirishni o‘z ichiga olgan kompleks jarayondir.

Bundan tashqari, potensial joylashtiruv muddatlariga jahon aviatsiya bozoridagi vaziyat va geosiyosiy muhit kabi tashqi omillar ham ta‘sir ko‘rsatadi. Bunday “qo‘shimcha noaniqliklar” aviayoqilg‘i narxi, xalqaro aviaqatnovlarning mavjudligi, shuningdek, aviatsiya sektori kompaniyalarining bahosi va investitsiyaviy jozibadorligida aks etishi mumkin.

“Hozirgi vaqtda UzNIF Uzbekistan Airways‘ni IPO‘ga tayyorlashga qaratilgan kompleks transformatsiya dasturini amalga oshirishda menejmentga ko‘maklashishda davom etmoqda. Joylashtirish muddatlari to‘g‘risidagi yakuniy qaror majoritar aksiyador — O‘zbekiston Hukumati bilan birgalikda, kompaniyaning ommaviy joylashtiruvga tayyorligi bahosi asosida hamda bozor vaziyatini hisobga olgan holda qabul qilinadi”, — deya bayonot berdi Franklin Templeton.

Kompaniya potensial bitim parametrlari, jumladan, IPO uchun maslahatchilarni tanlashning boshlanish muddatlari, listingning ehtimoliy formati, shu qatorda UzNIF singari qo‘shaloq joylashtirish varianti, shuningdek, birjaga chiqish uchun potensial savdo maydonchalari yuzasidan izoh berishdan bosh tortdi. Franklin Templeton‘da ta‘kidlanishicha, bu masalalar bo‘yicha ma‘lumotlar faqat tegishli qarorlar qabul qilinib, zarur kelishuvlarga erishilgandan so‘nggina oshkor etiladi.

franklin templeton, ipo, milliy investitsiya jamg‘armasi, uzbekistan airways, uznif

Shuningdek, Franklin Templeton potensial bitimning yakuniy tuzilmasi, jumladan, joylashtirish hajmi haqida gapirishga hali erta ekanligini ta‘kidladi. Garchi avvalroq aviakompaniyaning potensial bahosi $2,3 mlrd deb aytilgan bo‘lsa-da, kompaniya yakuniy kapitallashuv bozor tomonidan belgilanishini hamda u investorlar talabi, Uzbekistan Airways‘ning moliyaviy va operatsion natijalari, shuningdek, transformatsiya va korporativ boshqaruvni takomillashtirish dasturining muvaffaqiyatli amalga oshirilishiga bog‘liq bo‘lishini qayd etdi.

Shu bilan birga, ishonchli boshqaruvchi aviakompaniya uchun 115 ta tashabbusni o‘z ichiga olgan keng ko‘lamli transformatsiya dasturi ishlab chiqilganini tasdiqladi. U korporativ boshqaruvni takomillashtirish, shaffoflikni oshirish, moliyaviy hisobotni rivojlantirish, operatsion samaradorlikni yuksaltirish, tijorat faoliyati va mijozlarga xizmat ko‘rsatishni yaxshilash hamda investorlar bilan o‘zaro hamkorlikning eng yaxshi xalqaro amaliyotlarini joriy etishni qamrab oladi.

“Biz Uzbekistan Airways uzoq muddatli aksiyadorlik qiymatini yaratish uchun salmoqli salohiyatga ega ekanligiga aminmiz. Aynan shuning uchun bugungi kunda UzNIF‘ning asosiy ustuvor vazifasi transformatsiya dasturini izchil amalga oshirish hamda kompaniya va bozor sharoitlari tayyor bo‘lganda, uni kapital bozoriga muvaffaqiyatli kirib borishga tayyorlashdan iborat”, — deya qayd etdi Franklin Templeton.

15-iyun kuni prezident huzuridagi yig‘ilishda milliy aviatashuvchini transformatsiya qilishni jadallashtirish va uni jahon kapital bozoriga chiqishga tayyorlash rejalari ko‘rib chiqildi. Unda joriy yil oxirigacha kompaniya aksiyalarining 15−20% ini xalqaro IPO orqali sotish rejalari muhokama qilindi.

Iyun oyi oxirida Iqtisodiyot va moliya vazirligi Uzbekistan Airways‘ni ijtimoiy ahamiyatga molik tashkilot maqomiga ega bo‘lgan 425 ta kompaniya reyestriga kiritdi. Amaldagi talablarga ko‘ra, kompaniya 2027-yil 1-yanvardan boshlab buxgalteriya hisobini rasman Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga (MHXS) o‘tkazishi lozim bo‘ladi. 2028-yil oxiriga qadar esa moliyaviy hisobotlarni auditorlik xulosalari bilan birga e‘lon qilishni boshlashi talab etiladi.

Spot, avvalroq, daromadi $1 mlrd bo‘lgan Centrum Holding 2027-yilda Londonda IPO o‘tkazishga tayyorlanayotgani haqida yozgandi.