Iqtisodiyot va moliya vazirligi O‘zbekistonda birinchi marta jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar (Public Interest Entities, PIE) reyestri e‘lon qilinganini ma‘lum qildi.
Markaziy bank bilan hamkorlikda tuzilgan ushbu ro‘yxatga jamiyat va iqtisodiyot uchun yuksak ahamiyatga ega bo‘lgan kompaniyalar kiritilgan. Ular uchun moliyaviy hisobot, audit va boshqaruv bo‘yicha alohida talablar qo‘yiladi.
Ro‘yxatdan 425 ta kompaniya o‘rin olgan bo‘lib, ulardan 226 tasi bank-moliya sektori ishtirokchilaridir — tijorat banklari va mikromoliya tashkilotlari, faktoring va kafil tashkilotlari, to‘lov tizimlari va xizmatlari shular jumlasidan.
Shuningdek, PIE tarkibiga quyidagilar kiradi:
- 14 ta investitsiya fondlari va birjalar;
- 96 ta listingga kiritilgan va ommaviy savdolarga chiqariladigan (Publicly Traded Entity) tashkilotlar;
- ketma-ket oxirgi 2 kalendar yil davomida aktivlari va sof tushumi BHMning 1 mln baravari va undan ortiq bo‘lgan hamda xodimlari soni 500 nafardan kam bo‘lmagan 132 ta xususiy kompaniya;
- ustav fondida davlat ulushi 50% va undan ortiq bo‘lgan hamda aktivlari va sof tushumiga qo‘yilgan talablarga to‘g‘ri keladigan davlat ishtirokidagi korxonalar 44 ta korxona.
Boshqalar qatorida ro‘yxatga Makesense va Uzum Sarmoya (Uzum‘ning yuridik shaxslari), Uzpost, Dori-Darmon, Ohangaronsement, Bekobodsement, Quvasoysement, Qizilqumsement, OKMK, NKMK, “Kvars”, Maxam-Chirchiq, Farg‘onaazot, Saneg, O‘zbekneftgaz, O‘zbektelekom, UMS, Coscom (Ucell), Unitel (Beeline), Artel, UzAuto Motors, BYD, Uzbekistan Airports, Uzbekistan Airways, O‘zbekiston temir yo‘llari o‘zining sho‘ba korxonalari bilan, O‘zbekiston shampani, Chilonzor savdo majmuasi va boshqalar kiritildi.
Reyestr bilan Iqtisodiyot va moliya vazirligi saytida tanishish mumkin.
2027-yil 1-yanvardan boshlab reyestrdagi kompaniyalar, agar buni avvalroq amalga oshirmagan bo‘lsa, buxgalteriya hisobini moliyaviy hisobotlarning xalqaro standartlari (MHXS) asosida yuritishni tashkil etishlari shart. 2028-yil oxirigacha moliyaviy hisobotlarni auditorlik xulosalari bilan birga e‘lon qilishni boshlash talab etiladi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligida ta‘kidlanishicha, PIE maqomining joriy etilishi O‘zbekistonning moliyaviy hisobot va audit tizimi shaffofligini oshirishga, shuningdek, ularning sifatini yuksaltirishga xizmat qiladi. Bu, o‘z navbatida, kompaniyalar faoliyati ustidan monitoring olib borishni ta‘minlaydi, korporativ boshqaruvni yaxshilash va investitsiyaviy jozibadorlikni oshirishga imkon beradi.
Shavkat Mirziyoyev 2025-yil sentabr oyida O‘zbekistonda jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar maqomini joriy etish to‘g‘risidagi qarorni imzolagan edi. Hujjatga ko‘ra, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Markaziy bank har yili 1-iyulgacha reyestrni Hukumat portalida e‘lon qilib borishi kerak.
Dekabr oyi oxirida Vazirlar Mahkamasi PIE mezonlari va ularga qo‘yiladigan talablarni tasdiqladi. Xususan, ular buxgalteriya hisobini MHXSga muvofiqlashtirishi, hisobotlarni auditorlik xulosasi bilan birga e‘lon qilishi, shuningdek, barqarorlik to‘g‘risidagi ma‘lumotlarni oshkor etishi lozim. Hisobot hisobot yilidan keyingi yilning 15-iyunidan kechiktirmay e‘lon qilinishi kerak.
Spot, avvalroq, O‘zbekistonda insofsiz sug‘urta agentlari reyestri yuritilishi haqida yozgandi.