Jahon banki O‘zbekistonda birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini rivojlantirish uchun $100 mln miqdorida imtiyozli kredit ajratilishini ma’qulladi.
Mablag‘ Samarqand viloyatida tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, surunkali kasalliklarni aniqlash va davolash tizimini kuchaytirishga yo‘naltiriladi.
SHIFO-1 dasturi doirasida 400 dan ortiq oilaviy poliklinikani modernizatsiya qilish, 6400 nafardan ziyod tibbiyot xodimini, jumladan, 1250 nafar oilaviy shifokor va 5000 nafar hamshirani o‘qitish hamda sertifikatlash rejalashtirilgan.
Qayd etilishicha, tibbiyot xodimlarining qariyb 80% ini ayollar tashkil etgani sababli ularni tayyorlashga alohida e’tibor qaratiladi.
Bundan tashqari, milliy raqamli sog‘liqni saqlash platformasi — D-MED kengaytiriladi. Bemorlarning raqamli reyestri va aholi salomatligini boshqarish vositalari joriy etiladi.
Bu orqali 330 ming nafar katta yoshli aholini yurak-qon tomir kasalliklari xavfi bo‘yicha skriningdan o‘tkazish hamda 250 ming nafar bemorning davolanish jarayonini kuzatib borish imkoniyati yaratiladi.
Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, dastur aholi salomatligini yaxshilash va tibbiyot xodimlari malakasini oshirish orqali qariyb 28 800 ta qo‘shimcha hamda yuqori haq to‘lanadigan ish o‘rni yaratilishiga ham yordam beradi.
Umumiy qiymati $525 mln bo‘lgan dastur 2028-yil dekabrigacha amalga oshiriladi. Shundan $100 mln i Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi (XTA) krediti, $425 mln i esa O‘zbekiston hukumati mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.
Avvalroq Spot Jahon banki O‘zbekistonga elektr tarmoqlarini yangilash uchun $100 mln ajratishi haqida yozgandi.