Xorvatiyada ishlash uchun viza so‘ragan 50 nafardan ortiq O‘zbekiston fuqarosining mehnat shartnomalari soxta bo‘lib chiqdi. Shu sababli ularning viza arizalari rad etildi, deya xabar berdi Migratsiya agentligi.

Qayd etilishicha, ushbu fuqarolarning 17 nafari hujjatlarini xususiy bandlik agentliklari orqali topshirgan. Vakolatli organlar alohida qaror chiqargan taqdirda, ularga nafaqat Xorvatiyaga, balki butun Shengen hududiga bir necha yil davomida kirish taqiqlanishi mumkin.

Migratsiya agentligi fuqarolarni Telegram, Instagram va WhatsApp orqali taklif qilinayotgan xorijiy ish o‘rinlariga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishga chaqirdi.

Xususan, kasb va chet tilini bilish talab etilmasligi, tayyor ish o‘rni va’da qilinishi kabi takliflarni tekshirmasdan qabul qilmaslik tavsiya etildi.

Shuningdek, xorijga ishga joylashtirish xizmatlari uchun pul to‘lashdan oldin kompaniya bilan tuzilgan shartnomani diqqat bilan o‘rganish kerak. Unda tashkilot zimmasiga aynan qanday majburiyatlarni olgani ko‘rsatilishi lozim.

Masalan, shartnomada faqat viza rasmiylashtirishga ko‘maklashish nazarda tutilgan bo‘lsa, bu xorijda ish bilan ta’minlash majburiyatini anglatmaydi.

Agentlik xorijda ishga joylashtirish bilan faqat tegishli litsenziyaga ega xususiy bandlik agentliklari shug‘ullanishi mumkinligini eslatdi.

Bunday agentliklarga esa hujjatlarni vizaga topshirishdan oldin ish beruvchi bilan rasmiy aloqa kanallari orqali bog‘lanib, shartnomaning haqiqiyligini tasdiqlash tavsiya etildi.

Fuqarolar xorijiy ish beruvchi bilan tuzilgan mehnat shartnomasini Migrantlar resurs markazida bepul tekshirtirishi mumkin.

Markaz Migratsiya agentligi va Xalqaro migratsiya siyosatini rivojlantirish markazi (ICMPD) hamkorligida tashkil etilgan bo‘lib, qonuniy mehnat migratsiyasi bo‘yicha ham maslahat beradi.


Avvalroq Spot O‘zbekiston va Shvetsiya 1,5 yillik migratsiya dasturini ishga tushirishi haqida yozgandi.