AQSH federal sudi prezident Donald Tramp ma’muriyatining xorijiy talabalar mamlakatda to‘rt yildan ortiq qolishini cheklashga qaratilgan qarorini qonunga zid deb topdi.
Massachusets shtati federal okrug sudi sudyasi Dennis Saylor 16-noyabr kuni Ichki xavfsizlik vazirligi (DHS) tomonidan joriy etilgan yangi tartibni bekor qilish haqida qaror chiqardi.
Gap xorijiy talabalar uchun beriladigan F-1 vizasi va almashinuv dasturlari ishtirokchilariga mo‘ljallangan J-1 vizasi bilan AQSHda qolish muddatini cheklash haqida bormoqda.
Avvalgi tartibga ko‘ra, F-1 vizasi bilan AQSHga kelgan xorijiy talabalar o‘qish dasturida belgilangan muddat davomida, immigratsiya talablariga rioya qilgan holda mamlakatda qolishi mumkin edi. Bu tizim Duration of Status deb ataladi.
Biroq Tramp ma’muriyati 2026-yil iyul oyida yangi qoidani tasdiqlagan edi. Unga ko‘ra, xorijiy talabalar va almashinuv dasturlari ishtirokchilarining AQSHda qolish muddati ko‘pi bilan to‘rt yil bilan cheklanardi.
To‘rt yildan ortiq o‘qishni davom ettirmoqchi bo‘lgan talabalar Ichki xavfsizlik vazirligiga muddatni uzaytirish uchun alohida ariza topshirishi kerak edi. Muddatni uzaytirish avtomatik tarzda amalga oshirilmas, har bir ariza immigratsiya organlari tomonidan alohida ko‘rib chiqilishi lozim edi.
Yangi tartib 2026-yil 15-sentabrdan kuchga kirishi rejalashtirilgan edi. Tramp ma’muriyati ushbu cheklovni xorijiy talabalar ustidan nazoratni kuchaytirish, immigratsion qoidabuzarliklar va firibgarlikning oldini olish, shuningdek, milliy xavfsizlikni ta’minlash zarurati bilan izohlagan.
Biroq oliy ta’lim tashkilotlari va mehnat uyushmalari yangi tartibga qarshi chiqdi. Ularning fikricha, to‘rt yillik cheklov talabalar uchun ortiqcha byurokratik to‘siqlar yaratadi, universitetlardagi ta’lim jarayoniga xalaqit beradi va xorijliklarning AQSHda o‘qishga bo‘lgan qiziqishini pasaytiradi.
Sudya Dennis Saylor DHS qarorini asossiz, o‘zboshimchalik bilan qabul qilingan va vakolatlarni suiiste’mol qilish deb baholadi.
Sudya, shuningdek, AQSH Kongressi xorijiy talabalarga ta’lim olish imkoniyatini yaratishni ko‘zlaganini, vazirlik esa ushbu dasturni cheklash uchun qonunda nazarda tutilmagan darajada keng vakolatga ega emasligini ta’kidladi.
Sud qarori xorijiy talabalar uchun AQSHda ta’lim olish jarayonidagi muhim cheklovlardan birini bartaraf etadi. Xususan, bakalavriat, magistratura yoki doktorantura dasturlari to‘rt yildan ko‘proq davom etadigan talabalar uchun muddatni uzaytirish bilan bog‘liq qo‘shimcha ma’muriy to‘siqlar bekor qilinadi.
Avvalgi tizimda talabalar o‘qish muddatini uzaytirish masalasini universitetning tegishli mas’ullari orqali hal qilishi mumkin edi. Yangi qoida esa buning uchun federal immigratsiya organlariga alohida murojaat qilishni talab qilardi.
Shu bilan birga, sud qarori xorijiy talabalarga avtomatik ravishda viza berilishini yoki AQSHda istalgan muddat qolish huquqini anglatmaydi. Ular F-1 vizasi va immigratsiya maqomiga qo‘yilgan boshqa talablarni bajarishda davom etishi kerak.
Sud qarori xorijiy talabalar oqimi kamayib borayotgan bir vaqtda qabul qilindi.
Xalqaro ta’lim instituti (IIE) tomonidan 800 dan ortiq oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, 2026-yil kuzgi semestrida AQSH universitetlaridagi xalqaro talabalar soni 9% ga kamaygan. Birinchi marta AQSHga kelgan xorijiy talabalar soni esa 15% ga qisqargan.
Universitetlar bunga viza rasmiylashtirishdagi qiyinchiliklar, sayohat cheklovlari, ta’lim xarajatlarining oshishi va immigratsiya siyosatidagi noaniqliklarni sabab sifatida ko‘rsatgan.
Avvalroq Spot Google Trampning Atlantika okeani nomini o‘zgartirish taklifini rad etgani haqida yozgandi.