Jahon banki O‘zbekistonda elektr energiyasini taqsimlash tizimining samaradorligi va ishonchliligini oshirish uchun $100 mln miqdorida imtiyozli moliyalashtirishni tasdiqladi.

Dastur doirasida mamlakat bo‘ylab 60 ta asosiy podstansiyani yangilash va raqamlashtirish rejalashtirilgan.

Shuningdek, loyiha natijasida modernizatsiya qilingan infratuzilma ishga tushirilganidan keyingi besh yil ichida qariyb 11,7 mingta qo‘shimcha sifatli ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda.

“Elektr energiyasini taqsimlash tizimlarini modernizatsiya qilish” dasturi elektr ta’minoti ishonchliligini oshirish, energiya yo‘qotishlarini kamaytirish hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini elektr tarmog‘iga ulash imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.

Dastur doirasida 2031-yilga kelib modernizatsiya qilingan podstansiyalarda yillik elektr energiyasi yo‘qotishlarini 20 ming MVt·soatga kamaytirish va kamida 3,3 GVt qayta tiklanuvchi energiya quvvatlarini tarmoqqa integratsiya qilish imkoniyati yaratilishi kutilmoqda.

Bundan tashqari, loyiha har yili qariyb 23 ming tonna karbonat angidridga teng issiqxona gazlari chiqindilarining oldini olishga yordam beradi.

Dasturning umumiy qiymati $371 mln ni tashkil etadi. Uning $200 mln qismi Osiyo taraqqiyot banki, $100 mln qismi Jahon banki krediti hisobidan, qolgan $71 mln esa O‘zbekiston davlat budjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi. OTB ushbu dastur uchun kredit ajratishni avvalroq ma’qullagandi.

Loyiha O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari tomonidan amalga oshiriladi. Unda kompaniyaning moliyaviy boshqaruv tizimlarini takomillashtirish, kiberxavfsizligini kuchaytirish va ekologik hamda ijtimoiy standartlarga rioya etish samaradorligini oshirish ham ko‘zda tutilgan.


Avvalroq Spot Samarqand elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilishga Aksa Elektrik kompaniyasi $357 mln investitsiya kiritishi haqida yozgandi.