Tailand Turizm va sport vazirligi O‘zbekiston, shuningdek, Meksika va Kolumbiya fuqarolari uchun 15 kunlik vizasiz rejim joriy etish taklifini tayyorlamoqda. Bu haqda The Nation nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, bu viza rasmiylashtirishdagi kechikishlarni bartaraf etish va sayyohlar oqimini oshirishga qaratilgan.

Vazir Surasak Phancharoenworakul “turli bozorlarga ta’sir qiluvchi surunkali viza kechikishlaridan” xabardor ekanligini tasdiqladi. Shu bois vazirlik 9-noyabr kuni Viza siyosati qo‘mitasi yig‘ilishida taklifni ko‘rib chiqish uchun taqdim etmoqchi.

Unda xavfsizlik nuqtayi nazaridan past xatarli mamlakatlar uchun vizasiz rejimni imkon qadar kengaytirish va standart 15 kunlik vizasiz qolish muddatini joriy etish taklifi ilgari suriladi.

Bundan tashqari, o‘zbekistonlik sayyohlar faqat Tailandning Rossiyadagi elchixonasi orqali amalga oshiriladigan murakkab elektron viza tartib-qoidalariga duch kelgani ta’kidlanadi.

“Murakkab jarayon sababli mahalliy sayyohlik agentliklari Tailandga sayohat paketlarini bekor qilib, mijozlarga Vetnam kabi muqobil yo‘nalishlarni taklif qilgan”, -deyiladi xabarda.

Nima bo‘ldi?

Avgust oyi oxirida Tailand hukumati O‘zbekiston va yana 92 ta davlat fuqarolari uchun amal qilgan 60 kunlik vizasiz rejimni bekor qilishga qaror qildi. Shu bilan birga, hukumat vizasiz kirish mumkin bo‘lgan 60 ta davlatning yangi ro‘yxatini tasdiqladi. O‘zbekiston ushbu ro‘yxatga kiritilmadi.

2-sentabr kuni Uzbekistan Airways 15-sentabrdan boshlab O‘zbekiston fuqarolari Tailand vizasini oldindan rasmiylashtirishi kerakligi haqida ogohlantirdi. Vizaga Thai E-Visa portali orqali ariza topshirish mumkin, biroq to‘lov faqat Moskvadagi Tailand elchixonasi orqali naqd pulda qabul qilinadi.

Ariza topshirish uchun xorijga chiqish pasporti, aviachiptalar va mehmonxona bronini tasdiqlovchi hujjatlar talab etiladi. Shuningdek, har bir kishining bank hisobida kamida 20 ming bat ($600 dan ortiq) yoki bir oila uchun 40 ming bat ($1200 dan ortiq) mablag‘ mavjudligini tasdiqlovchi bank ko‘chirmasi taqdim etilishi kerak.

Aviasales Uzbekistan ma’lumotlariga ko‘ra, vizasiz rejim bekor qilinganidan so‘ng o‘zbekistonliklarning Tailandga sayohat qilishga qiziqishi keskin pasaygan. Sentabr oyida aviachiptalarni qidirish chastotasi 81% ga, bronlar soni esa 84% ga kamaygan.