Tailand hukumati O‘zbekiston va dunyoning yana 92 davlati fuqarolari uchun 60 kunlik vizasiz rejimni bekor qilishni tasdiqladi. Bu haqda Bangkok Post Tailand hukumatining Royal Gazette nashriga tayanib xabar berdi.
Bosh vazir va mamlakat ichki ishlar vaziri Anutin Chanvirakunning imzosi bilan qaror 31-avgust kuni e’lon qilindi. Yangi tartib hujjat e’lon qilinganidan 15 kun o‘tib, ya’ni 15-sentabrdan kuchga kiradi.
15-sentabrgacha Tailandga kirgan xorijiy fuqarolar avvalgi tartibga muvofiq mamlakatda vizasiz 60 kungacha qolishi mumkin.
Yangi tartibga ko‘ra, 60 ta davlat fuqarolari Tailandga vizasiz kirib, 30 kungacha qolishi mumkin bo‘ladi. MDH davlatlari orasida yangi ro‘yxatga faqat Qirg‘iziston kiritilgan. U avvalgi 93 davlatdan iborat ro‘yxatda bo‘lmagan.
To‘liq ro‘yxat quyidagi jadvalda keltirilgan:
| 1 | Avstraliya | 21 | Italiya | 41 | Ruminiya |
| 2 | Avstriya | 22 | Kanada | 42 | Saudiya Arabistoni |
| 3 | Bahrayn | 23 | Qatar | 43 | Singapur |
| 4 | Belgiya | 24 | Kipr | 44 | Slovakiya |
| 5 | Bolgariya | 25 | Quvayt | 45 | Sloveniya |
| 6 | Bruney | 26 | Qirg‘iziston | 46 | AQSh |
| 7 | Butan | 27 | Latviya | 47 | Tayvan |
| 8 | Buyuk Britaniya | 28 | Litva | 48 | Turkiya |
| 9 | Vengriya | 29 | Lixtenshteyn | 49 | Ukraina |
| 10 | Germaniya | 30 | Lyuksemburg | 50 | Fiji |
| 11 | Gretsiya | 31 | Malayziya | 51 | Filippin |
| 12 | Gruziya | 32 | Maldiv orollari | 52 | Finlyandiya |
| 13 | Daniya | 33 | Malta | 53 | Fransiya |
| 14 | Isroil | 34 | Niderlandiya | 54 | Xorvatiya |
| 15 | Hindiston | 35 | Yangi Zelandiya | 55 | Chexiya |
| 16 | Indoneziya | 36 | Norvegiya | 56 | Shveytsariya |
| 17 | Iordaniya | 37 | BAA | 57 | Shvetsiya |
| 18 | Irlandiya | 38 | Ummon | 58 | Estoniya |
| 19 | Islandiya | 39 | Polsha | 59 | Janubiy Afrika Respublikasi |
| 20 | Ispaniya | 40 | Portugaliya | 60 | Yaponiya |
Vizasiz muddatni qayta boshlash uchun qisqa muddatli safarlardan (“visa-run”) foydalanishning oldini olish maqsadida ro‘yxatdagi davlatlar fuqarolariga Tailandga quruqlik orqali vizasiz yiliga ikki martadan ko‘p bo‘lmagan holda kirishga ruxsat beriladi. Biroq Tailandga qo‘shni davlatlar — Malayziya, Bruney, Indoneziya va Singapur uchun bu cheklov qo‘llanmaydi.
Bundan tashqari, Seyshel orollari va Mavrikiy fuqarolari Tailandga vizasiz 15 kungacha kirishi mumkin. Ozarbayjon, Belarus va Serbiya fuqarolari esa mamlakatga kelganda viza olish imkoniga ega bo‘ladi.
O‘zbekiston ushbu toifalarning hech biriga kiritilmagan. Spot vaziyatga aniqlik kiritish uchun Tashqi ishlar vazirligiga rasmiy so‘rov yuborgan.
OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Tailand hukumati 60 kunlik vizasiz rejimni xorijiy fuqarolar tomonidan sodir etilayotgan huquqbuzarliklar ko‘paygani sababli bekor qilishga qaror qilgan.
Euronews Travel ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi vaqtlarda xorijliklarning turli ayblovlar bilan, jumladan, ruxsatsiz yashirin mehmonxonalar va maktablar ochgani uchun qo‘lga olinishi keskin oshgan.
Avvalroq Spot O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida 30 kunlik vizasiz rejim joriy etilishi mumkinligi haqida yozgandi.