Avvalroq Spot 30-avgust kuni Ko‘ksaroy qarorgohida Shavkat Mirziyoyev va Hindiston bosh vaziri Narendra Modi muzokara o‘tkazgani haqida yozgan edi.

OAV vakillari bilan uchrashuvda O‘zbekiston prezidenti va Hindiston bosh vaziri bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunlari yuzasidan fikr bildirdi.

Mirziyoyev Hindiston jahon miqyosida katta obro‘-e'tibor va nufuzga ega bo‘lgan ishonchli va salohiyatli strategik sherik ekanini e’tirof etdi. Hindistonning raqamli texnologiyalar, dasturiy ta’minot va startaplar sohasidagi ulkan yutuqlari yuqori baholandi.

Shu sabab tashrifga jiddiy tayyorgarlik ko‘rildi, salmoqli hujjatlar to‘plami, jumladan, Qo‘shma bayonot qabul qilinib, qator hukumatlararo bitimlar imzolandi. Ikki tomonlama munosabatlar keng qamrovli strategik sheriklik bosqichiga ko‘tarilgani qayd etildi.

Asosiy e’tibor iqtisodiy masalalarga qaratildi. O‘tgan yili o‘zaro savdo aylanmasi hajmi 33% ga o‘sib, $1,3 mlrdni tashkil qildi. Ushbu raqamni 2030-yilga qadar $5 mlrdga yetkazish rejasi belgilandi.

Tashrif doirasida muhim qo‘shma investitsiya loyihalari portfeli ishlab chiqildi. Bir qator yirik hind kompaniyalari bilan aniq kelishuvlarga erishildi.

Muloqotlarda energetika, nodir minerallar, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika, elektronika, mashinasozlik, zargarlik va qishloq xo‘jaligi sohalarida hamkorlikni kuchaytirish uchun yangi “o‘sish nuqtalari” belgilab olingani ma’lum qilindi.

Xalqaro va mintaqaviy maydonlarda, jumladan, BMT, SHHT, Qo‘shilmaslik harakati, BRICS va Global janub mamlakatlari bilan hamkorlik doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish muhimligi ta’kidlandi.

O‘zbekistonda Hindistonning 4 ta oliygohi faoliyat ko‘rsatayotgani hamda Lal Bahodur Shastri va Mahatma Gandi nomidagi markazlar samarali ishlayotgani aytildi.

Shuningdek, 30 kunlik vizasiz tartib va haftasiga 14 marta amalga oshirilayotgan havo qatnovlari turizmni rivojlantirishga katta hissa qo‘shishi ta’kidlandi.

Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ushbu 30 kunlik vizasiz tartibning joriy etilishi o‘zaro qatnovlarni yanada faollashtirishga xizmat qilishini qayd etdi. Amalda fuqarolar Hindistonga kirish uchun elektron viza (e-visa) olishlari kerak.

Davlat rahbari erishilgan kelishuvlar ijrosini to‘liq ta’minlash maqsadida keng qamrovli “yo‘l xaritasi” ishlab chiqilishini bildirdi.

Muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev va Narendra Modi ishtirokida ikki tomonlama hujjatlar imzolandi. Ular orasida 2026−2028-yillarga mo‘ljallangan turizm sohasidagi hamkorlik dasturi ham bor.

hindiston, narendra modi, shavkat mirziyoyev, vizasiz rejim, viza

O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi mazkur hujjat ikki mamlakat o‘rtasida sayyohlik almashinuvini kengaytirish, turizm yo‘nalishidagi aloqalarni yanada rivojlantirish hamda yangi hamkorlik loyihalarini amalga oshirishga xizmat qilishini bildirdi.

Avvalroq Spot AQSH O‘zbekiston va yana 74 davlat fuqarolariga immigrant vizasi berish taqiqini bekor qilgani haqida yozgan edi. Ushbu cheklov 2026-yil 21-yanvardan kuchga kirgan bo‘lib, AQSH hukumati uni immigrantlarning davlat ijtimoiy yordamiga qaram bo‘lib qolish xavfi bilan izohlagan.