Ko‘ksaroy qarorgohida prezident Shavkat Mirziyoyev va Hindiston bosh vaziri Narendra Modi muzokara o‘tkazdi.

Uchrashuvda ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklikni yangi bosqichga olib chiqish va savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar 2030-yilga qadar o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini $5 mlrdga yetkazish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rishga kelishib oldi. O‘tgan yil yakunida savdo aylanmasi ilk bor $1 mlrddan oshgan.

Hamkorlikni energetika, elektrotexnika, metallurgiya, muhim minerallar, farmatsevtika, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi va zargarlik sanoatida kengaytirish rejalashtirilmoqda. Hindiston kompaniyalari ishtirokida yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, siyosiy muloqotni faollashtirish va tashqi siyosat idoralari rahbarlari darajasida muvofiqlashtiruvchi mexanizm tashkil etish ko‘zda tutildi.

Madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish doirasida madaniyat kunlari, konsertlar, ko‘rgazmalar, forumlar va kinofestivallarni muntazam o‘tkazish, shuningdek, madaniy almashinuv bo‘yicha besh yillik dasturni imzolash rejalashtirilgan.

Tomonlar qo‘shma loyihalarni ilgari surish uchun aniq mexanizmlar, mas’ul ijrochilar va muddatlarni belgilovchi “yo‘l xaritalari” ishlab chiqilishini ma’lum qilindi.

Muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev va Narendra Modi ishtirokida ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Ular savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa yo‘nalishlardagi hamkorlikni yanada rivojlantirish hamda chuqurlashtirishga qaratilgan.

Jumladan:

  • Hindiston Bosh vaziri Narendra Modining O‘zbekistonga tashrifi yakunlari bo‘yicha qo‘shma bayonot;
  • O‘zbekiston va Hindiston hukumatlari o‘rtasida 2026−2030-yillarga mo‘ljallangan madaniy almashinuvlar dasturi;
  • Ayurveda va anʼanaviy tibbiyotning boshqa yo‘nalishlarida hamkorlik to‘g‘risidagi o‘zaro anglashuv memorandumi;
  • oliy taʼlim va ilmiy tadqiqotlar sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
  • atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
  • Fayoztepa va Qoratepa hududlarida arxeologik tadqiqotlar o‘tkazish to‘g‘risida bayonnoma;
  • iqtisodiy va moliyaviy muloqot to‘g‘risida o‘zaro anglashuv memorandumi;
  • 2026−2028-yillarda turizm sohasidagi hamkorlik dasturi;
  • geologiya va mineral resurslar sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida o‘zaro anglashuv memorandumi;
  • arxiv ishi sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida o‘zaro anglashuv memorandumi;
  • Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamda Sushma Svaraj nomidagi Tashqi aloqalar instituti o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risida o‘zaro anglashuv memorandumi;
  • Samarqand viloyati va Gujarat shtati o‘rtasida sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risida bitim.

Avvalroq Spot Hindiston kompaniyasi O‘zbekistonda $20 mlnlik zargarlik korxonasi qurmoqchiligi haqida yozgandi.