Hindistonning Goldstar Group kompaniyasi O‘zbekistonda ishlab chiqarishni tashkil etishni rejalashtirmoqda, deya xabar berdi O‘zbekzargarsanoati uyushmasi.

Kompaniya delegatsiyasi hafta boshida Toshkentdagi FONON zavodiga tashrif buyurdi. Mehmonlar bilan o‘tkazilgan muzokaralarda uyushma rahbari Nodir Mirahmedov, Uchtepa tumani hokimi Bunyod Mamajonov hamda Gold Moon Tashkent va Global Universal Servis kompaniyalari rahbariyati ishtirok etdi.

Tomonlar zargarlik sanoatini rivojlantirish, investitsiya loyihalarini amalga oshirish, yangi texnologiyalarni joriy etish va eksportni kengaytirish masalalarini muhokama qildilar.

Uchrashuvda ishlab chiqarishni tashkil etish va ish o‘rinlari yaratishni nazarda tutuvchi uch tomonlama memorandum loyihasi ko‘rib chiqildi.

Goldstar Group O‘zbekiston tomoniga yiliga 10 tonnagacha zargarlik buyumlari ishlab chiqaradigan zavod tashkil etish rejasini taqdim etdi. Investitsiyalar hajmi $20 mlnga baholanmoqda.

Ishlab chiqarishda 100 dan ortiq kishi ish bilan ta’minlanadi, ularning 70% dan ortig‘ini mahalliy mutaxassislar tashkil etadi.

Uyushma ma’lumotlariga ko‘ra, loyiha sohaga zamonaviy texnologiyalarni jalb qilish va uning eksport imkoniyatlarini oshirish imkonini beradi.

Goldstar Group kompaniyasi 1962-yilda tashkil etilgan bo‘lib, olmoslarni saralash va silliqlash, zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish va to‘liq ishlab chiqarish zanjiri modeli bo‘yicha yetkazib berish bilan shug‘ullanadi. Asosiy sotish bozorlari — AQSH, Avstraliya, Yevropa, Osiyo va Yaqin Sharq mamlakatlari. Kompaniyada 1500 dan ortiq kishi ishlaydi.


Avvalroq Spot Turkiya kompaniyasi Farg‘onada zargarlik korxonasi ochishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.

Shuningdek, Heyal Holding Quvada ilg‘or tajribalar asosida sanoat zonasini tashkil etish, unda turli yo‘nalishlardagi loyihalarni joylashtirishni ko‘zda tutgan.