Ilon Maskning Neuralink kompaniyasi miyaga o‘rnatilgan chip yordamida telefonda gaplashish imkonini beruvchi texnologiyani sinovdan o‘tkazdi. Bu haqda Inside BCI xabar berdi.
Qurilma ishtirokchining nutqiga oid miya signallarini matn va sun’iy ovozga aylantirib, telefon qo‘ng‘irog‘i orqali muloqot qilishga yordam beradi. Ular kompaniyaning Bloom mobil ilovasiga integratsiya qilindi va 72 soatlik muhandislik sprinti davomida ishlab chiqildi.
Yangi funksiyalar foydalanuvchining xayoliy nutqini implant orqali dekodlab, uni telefon qo‘ng‘irog‘i yoki matn shaklida uzatishga imkon beradi. Tizim iPhone klaviaturasiga nutqni kiritadi, noto‘g‘ri dekodlangan so‘zlarni tuzatish jarayonini tezlashtiradi.
Shuningdek, foydalanuvchi gapirishni boshlaganda tizim buni avtomatik aniqlab, nutqni dekodlashni faollashtiradi. Avval buning uchun alohida tugmani bosish talab etilgan.
Bloom ilovasi iPhone ekranidagi Live Activity orqali ishlaydi, shu sababli nutqni boshlash uchun telefonni qulfdan chiqarish shart emas.
Sinov davomida implant orqali hosil qilingan nutq telefon qo‘ng‘irog‘iga uzatildi va ishtirokchi rafiqasi bilan suhbatlashdi. Qo‘ng‘iroq boshida suhbat yordamchi aloqa qurilmasi orqali amalga oshirilayotganini bildiruvchi xabar ham sinovdan o‘tkazildi.
Bundan tashqari, Neuralink foydalanuvchiga xayolan “Hey Neuralink” deb, so‘ng topshiriqni aytish orqali Grok AI-agentini boshqarish imkonini beruvchi funksiyani ishlab chiqdi.
Agent kompyuterda berilgan vazifani bajaradi. Kompaniya, shuningdek, miya signallarini real vaqt rejimida ko‘rsatadigan vizual indikatorlarni ham sinadi. Ular foydalanuvchiga qaysi xayoliy nutq shakllari kuchliroq signal hosil qilayotganini ko‘rish va dekoder ishini yaxshilashga yordam beradi.
Neuralink ma’lumotiga ko‘ra, 28-oktabr kuni ALS bilan yashayotgan bir ishtirokchi implant yordamida daqiqasiga 75 ta so‘z tezligiga erishgan, so‘zlarni dekodlashdagi xatolik esa 5,8% ni tashkil etgan. Biroq bu natija kompaniyaning o‘z bayonotiga asoslangan va mustaqil ilmiy taqrizdan o‘tmagan.
Kompaniya yangi funksiyalarni hozircha prototip sifatida sinamoqda. Ularning boshqa ishtirokchilarga qachon taqdim etilishi yoki Bloom ilovasining keng ommaga qachon ochilishi haqida ma’lumot berilmagan.
Avvalroq Spot Neuralink 2031-yilga borib yiliga 20 ming miya implanti o‘rnatishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.