Toshkentdagi Ko‘kcha darvoza ko‘chasining 7 km lik qismida “Yashil to‘lqin” tizimi ishga tushirildi. Bu haqda Yo‘l harakatini tashkil etish markazi ma’lum qildi.

Tizimga 16 ta svetofor obyekti ulangan. Ular yagona tizim sifatida ishlaydi: ruxsat etilgan tezlikda harakatlangan avtomobil oldida yashil chiroq ketma-ket yonadi va chorrahalarda ortiqcha to‘xtashga hojat qolmaydi.

Tizim kun davomida ikki rejimda ishlaydi:

  • 07:00 dan 17:00 gacha — shahar markazi tomon yo‘nalishda;
  • 17:00 dan 24:00 gacha — markazdan chiqish yo‘nalishida.

Buning natijasida ko‘chada yo‘lga ketadigan vaqt o‘rtacha 40% ga qisqarib, har bir qatnovda o‘rtacha 8 daqiqa tejalmoqda.

Biroq bu ko‘rsatkichlar tizimning “sof” samarasini baholash uchun tig‘iz bo‘lmagan vaqtda qayd etilgan. Tirbandlik soatlarida natija harakat jadalligi va yo‘ldagi vaziyatga qarab farq qilishi mumkin.

YHTEMning ta’kidlashicha, kamroq to‘xtash keskin tormozlash va tezlashishni kamaytiradi. Natijada yoqilg‘i tejaladi va havoga chiqadigan zararli gazlar hajmi kamayadi.

“Yashil to‘lqin” doimiy yashil chiroqni anglatmaydi. Svetoforlar avvalgidek piyodalar va kesishuvchi ko‘chalardagi avtomobillarga ham vaqt ajratadi, shuning uchun qizil chiroqda to‘xtab qolish mumkin. Biroq tizim shunday sozlanganki, to‘xtagandan keyin avtomobil yana “to‘lqin"ga tushadi. Ruxsat etilgan tezlikdan oshgan haydovchi esa qizil chiroqqa tezroq yetib boradi, xolos.

Avvalroq Spot Toshkent hokimi Ko‘kcha darvoza, Muqimiy, Qoratosh, Parkent va Mirzo Ulug‘bek shohko‘chalarida BRT yo‘laklari qurilishini tasdiqlagani haqida yozgan edi.