Qonunchilik palatasi yakka tartibdagi tadbirkorlarning lizing xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan qonun loyihasini ikkinchi va uchinchi o‘qishda qabul qildi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati ma’lum qildi.
Hujjat bilan lizing munosabatlarini tartibga soluvchi qonunchilikka o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritiladi.
Qonun loyihasiga ko‘ra, umumiy tartibda lizing obyekti lizing oluvchining balansida hisobga olinadi. Lizing oluvchi yakka tartibdagi tadbirkor bo‘lgan hollarda esa lizing obyekti lizing beruvchining balansida hisobga olinadi.
Deputatlarning fikricha, o‘zgarishlar yakka tartibdagi tadbirkorlarga lizing olishni osonlashtiradi va lizing shartnomalarining huquqiy aniqligini ta’minlaydi.
Qonun Senat tomonidan ma’qullanib, prezident imzolaganidan keyin kuchga kiradi.
Avvalroq Adliya vazirligi bank hisobvaraqlarini ochish, yuritish va yopish tartibiga o‘zgartirishlar kiritishni nazarda tutuvchi hujjatni davlat ro‘yxatidan o‘tkazgani haqida xabar berilgandi.