Adliya vazirligi bank hisobvaraqlarini ochish, yuritish va yopish tartibiga o‘zgartirishlar kiritishni nazarda tutuvchi hujjatni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi. Hujjat 20-oktabrda 3420−3-son bilan ro‘yxatga olingan, deya xabar berdi vazirlikning Huquqiy axborot kanali.

Unga ko‘ra, tadbirkorga nisbatan sanatsiya, tashqi boshqaruv yoki tugatish tartib-taomili joriy etilganida, uning mablag‘larini boshqarish uchun bankda maxsus hisobvaraq ochiladi.

Bunda tadbirkorning asosiy va ikkilamchi hisobvaraqlari bo‘yicha chiqim operatsiyalari to‘xtatiladi. Ushbu hisobvaraqlarda mavjud bo‘lgan va keyinchalik kelib tushadigan mablag‘lar maxsus hisobvaraqqa o‘tkaziladi. Ularga qo‘yilgan band solish to‘g‘risidagi qarorlar va inkasso topshiriqnomalari esa ularni yuborgan tashkilotlarga ijrosiz qaytariladi.

Maxsus hisobvaraqdagi mablag‘lardan faqat mijoz yoki sud boshqaruvchisining to‘lov topshiriqnomasi asosida foydalanish mumkin. Adliya vazirligi mazkur choralar moliyaviy qiyinchilikka duch kelgan yoki bankrotlik yoqasidagi tadbirkorlarning faoliyatini tiklashiga xizmat qilishini bildirdi.

Shuningdek, fuqarolar endilikda istalgan bankdan o‘zlariga tegishli barcha bank hisobvaraqlari haqida ma’lumot olishi mumkin. Avval bunday ma’lumotni faqat asosiy hisobvaraq ochilgan bankdan olish mumkin edi.

Bundan tashqari, bank hisobvaraqlarini ochishda xorijga chiqish biometrik pasportidan ham foydalanishga ruxsat berildi.

Avvalroq Spot davlat tashkilotlaridagi korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati tartibga solingani haqida yozgan edi.