Adliya vazirligi davlat organlari va tashkilotlari hamda davlat ishtirokidagi korxonalarning komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyatiga oid idoraviy hujjatni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi. Bu haqda vazirlik xabar berdi.

Hujjat 3-oktabr kuni davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. U bilan davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek, ustav fondi yoki kapitalida davlat ulushi 50% va undan ortiq bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlaridagi ichki nazorat tuzilmalarining vazifalari, huquq va majburiyatlari hamda faoliyatini tashkil etish tartibi belgilandi.

Unga ko‘ra, ichki nazorat tuzilmalari korrupsiya holatlarini barvaqt aniqlash va oldini olish, unga sabab bo‘luvchi omillarni bartaraf etish hamda manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘radi.

Mazkur tuzilmalar xizmat yoki bo‘linma ko‘rinishida tashkil etilishi yoxud alohida lavozimdan iborat bo‘lishi mumkin. Ularning faoliyati Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda tegishli davlat organlari va tashkilotlari tomonidan birgalikda tashkil etiladi.

Ichki nazorat tuzilmalari rahbarlari va xodimlariga oliy ma‘lumot, ish staji hamda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha maxsus o‘quv kurslarini tamomlaganlik to‘g‘risidagi sertifikatga ega bo‘lish kabi minimal talablar belgilanadi.

Bundan tashqari, ichki nazorat tuzilmalari rahbarlari va xodimlarining faoliyatiga KPI qo‘llanilmaydi. KPI asosidagi ustamalar maksimal miqdorda tatbiq etiladi, KPI‘ni pasaytirish esa Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.

Ichki nazorat tuzilmalari xodimlari davlat himoyasida bo‘lib, huquqiy va ijtimoiy jihatdan himoya qilinadi.

Spot avvalroq mansabdorlarning noqonuniy qarori oqibatida yetkazilgan zarar qanday qoplanishi haqida yozgandi.