Qashqadaryo viloyatida soliq to‘lovchilarining pulini talon-toroj qilgan soliqchilar fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament matbuot xizmati xabar berdi.
Qarshi shahrida soliq to‘lovchilardan soliq qarzdorligini so‘ndirish bahonasida 122,6 mln so‘m pulni o‘zlashtirganlikda gumon qilinayotgan soliq inspeksiyasi xodimlari aniqlandi.
Departamentning Qarshi shahar bo‘limi o‘tkazgan tergovga qadar tekshiruvda Qarshi shahar soliq inspeksiyasining davlat soliq bosh inspektorlari M.A., Sh.T. va boshqalar 97 nafar soliq to‘lovchidan pul olgani aniqlandi.
Ular fuqarolardan soliq qarzdorligini so‘ndirish bahonasida 122,6 mln so‘m olib, mablag‘larni soliq to‘lovchilarning shaxsiy hisobvaraqlariga kirim qilmasdan, o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Spot o‘zini o‘zi band qilganlar uchun ijtimoiy soliq to‘lashni majburiy qilish rejalashtirilayotgani haqida yozgan edi.