O‘zbekiston alkogolsiz ichimliklar va sharbatlar ishlab chiqaruvchilari assotsiatsiyasi (UzBev) oq shakar importiga joriy etilgan ma’muriy cheklovlar butun oziq-ovqat sanoati uchun jiddiy xatarlarni yuzaga keltirishi mumkinligini bildirdi.
Assotsiatsiyaga ko‘ra, mahalliy ishlab chiqarish bozor talabini qoplashga tayyor bo‘lmagan sharoitda importni cheklash shakar taqchilligi, mahsulotlar tannarxi va narxlar oshishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Hukumatning 2026-yil 30-iyuldagi “xizmat doirasida foydalanish uchun” grifli qarori (417-son VMQ) bilan oq shakar importiga ma’muriy cheklovlar kiritildi. Unga ko‘ra, 2027-yildan boshlab shakar importining yillik kvotasi 300 ming tonnani tashkil etadi.
Assotsiatsiya ijrochi direktori Alfiya Musina Spot’ga bergan izohida UzBev mahalliy shakar ishlab chiqarishni rivojlantirish va mahalliylashtirish darajasini oshirishni qo‘llab-quvvatlashini qayd etdi. Biroq assotsiatsiya bir tarmoqni qo‘llab-quvvatlash boshqa ishlab chiqaruvchilarning xomashyodan foydalanish imkoniyatini cheklash hisobiga bo‘lmasligi kerak, deb hisoblaydi.
“Bir endigina shakllanayotgan tarmoqni qo‘llab-quvvatlash minglab boshqa korxonalar uchun ishlab chiqarish xomashyosidan foydalanish imkoniyatini cheklash hisobiga amalga oshirilmasligi zarur. Bu korxonalar ish o‘rinlari, investitsiyalar, soliq tushumlari va mahalliy brendlar mahsulotlarini ishlab chiqarishni ta’minlaydi”, — dedi u.
Assotsiatsiya rahbari shakar importini oziq-ovqat sanoati faoliyatini ta’minlaydigan muhim omil deb atadi. Uning ta’kidlashicha, importni cheklash ishlab chiqarish va yetkazib berish zanjiridagi minglab ish o‘rinlariga xavf tug‘dirishi mumkin.
“Mahalliy ishlab chiqaruvchilar hali mustaqil ishlashga tayyor bo‘lmagan bir paytda hukumat bozorni ushbu kafolatdan juda erta mahrum qildi. Mahalliy ishlab chiqarish nol bo‘lgan sharoitda bunday qadam taqchillik va narxlarning keskin oshishiga olib boradigan to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘ldir”, — dedi u.
Mahalliy ishlab chiqarish bozor talabini qoplay oladimi?
Assotsiatsiyaning qayd etishicha, O‘zbekistonda shakarning yillik iste’moli 750−770 ming tonnani tashkil etadi. Qarorga muvofiq, oq shakar importi 300 ming tonna bilan cheklangan. Bozorning qolgan ehtiyoji mahalliy shakar zavodlari hisobidan qoplanishi kerak. Ichimliklar sanoati uchun esa yiliga 100 ming tonna kvota belgilangan.
Biroq UzBev bitta kompaniyaning yillik shakarga ehtiyoji butun ichimliklar sanoati uchun belgilangan limitdan 1,5 baravar ko‘p ekanligini keltirmoqda.
Assotsiatsiya hisob-kitoblariga ko‘ra, 460 ming tonna tayyor shakar ishlab chiqarish uchun taxminan 470 ming tonna import qilingan xom shakar talab etiladi. Bu oyiga qariyb 39 ming tonnani tashkil qiladi.
Shu bilan birga, mahalliy ishlab chiqarish hajmi so‘nggi yillarda sezilarli kamaygan. Xususan, 2023-yilda 599,4 ming tonna, 2024-yilda 474,4 ming tonna, 2025-yilda esa atigi 200,5 ming tonna shakar ishlab chiqarilgan.
Assotsiatsiya ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil oktabridan boshlab va butun 2026-yil davomida ichki ishlab chiqarish amalga oshirilmagan.
UzBev zarur miqdordagi xomashyo yetkazib berilishi bo‘yicha kafolatlangan uzoq muddatli shartnomalar hamda zavodlarning uzluksiz ishlashini ta’minlaydigan barqaror logistika yo‘llari mavjudligi ham yetarlicha tasdiqlanmaganini qayd etdi.
Rossiya va Braziliyadan xom shakar yetkazib berish bir oydan ikki-uch oygacha vaqt oladi. Assotsiatsiya barcha zarur hajmni Rossiya xomashyosi hisobidan zudlik bilan ta’minlash imkoniyati ham tasdiqlanmaganini bildirdi.
“Shu sababli 2026-yil dekabridan 2027-yil fevraligacha taklif va bozor ehtiyoji o‘rtasida uzilish yuzaga kelishi mumkin. Tayyor shakar importini cheklash mahalliy ishlab chiqarish uning o‘rnini kafolatli ravishda to‘ldira olishidan ancha oldin boshlanishi ehtimoli bor”, — dedi Alfiya Musina.
U importni o‘z vaqtida va kafolatli almashtirish mexanizmisiz cheklash shakar narxining oshishi, yetkazib berishdagi uzilishlar va oziq-ovqat mahsulotlari qimmatlashishiga olib kelishi mumkinligini ta’kidladi.
Mahalliy ishlab chiqarish tannarxning past bo‘lishini kafolatlamaydi
UzBevning yana bir e’tirozi mahalliy shakar ishlab chiqarish tannarxi bilan bog‘liq. Assotsiatsiya hisob-kitoblariga ko‘ra, import qilingan xomashyodan tayyor shakar ishlab chiqarish xarajatlari tayyor shakar importi qiymatidan yuqori bo‘lishi mumkin.
Bir tonna shakar ishlab chiqarish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri xarajatlar quyidagicha baholanmoqda:
- Braziliya xomashyosi (Poti porti orqali yetkazib berish) — QQSsiz $787;
- Rossiya xomashyosi (janubiy hududlardan) — QQSsiz $695−713;
- Rossiya xomashyosi (markaziy hududlardan) — QQSsiz $733−752.
Taqqoslash uchun, O‘zbekistonga import qilinayotgan Rossiya oq shakarining qiymati QQSsiz bir tonna uchun taxminan $620 ni tashkil etgan.
UzBev shakar narxi oshishining uchta ehtimoliy ssenariysini ham hisoblab chiqqan. O‘rtacha ssenariyga ko‘ra, 2026-yil dekabr yoki 2027-yil yanvar oyida narx 15−28% ga, ya’ni bir tonna uchun $783 gacha oshishi mumkin.
Inqirozli ssenariyda esa yetkazib berish uzilishi, 2026-yil dekabrida kvotalarni taqsimlash va mahalliy qayta ishlash kechikishi hamda zaxiralarni sotuvdan olib qo‘yish oqibatida narx 34−47% ga — tonnasi $1 050−1 150 gacha ko‘tarilishi mumkin.
Assotsiatsiya direktorining fikricha, mahalliy shakar ishlab chiqarish tannarxi yuqori bo‘lgan bir sharoitda tayyor shakar importiga to‘siq qo‘yilishi butun oziq-ovqat sanoatida xomashyo va tayyor mahsulotlar narxining oshishiga sabab bo‘ladi.
“Qo‘shimcha xarajatlar ichimliklar, qandolatchilik va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari tannarxiga qo‘shiladi hamda oxir-oqibat iste’molchilar gardaniga tushadi. Natijada, mahalliy mahsulotlar narx borasida xorijiy mahsulotlarga yutqazadi, bu esa arzonroq import ichimliklarning kirib kelishini kuchaytirib, o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilarning raqobatbardoshligini pasaytiradi!”, — deya ogohlantirdi Musina.
UzBev mahalliy korxonalar eksport bozorlarida ham kuchli raqobat sharoitida ishlashini eslatdi. Ular xomashyo qimmatlashgani sababli mahsulot narxini istalgancha oshira olmaydi. Bu esa o‘zbek ichimliklarining eksport salohiyatini pasaytirishi mumkin.
Rossiya shakarining reeksporti haqidagi vajlar savol ostida
Assotsiatsiya oq shakar importiga kvota joriy etilishining ehtimoliy sabablaridan biri sifatida Rossiya shakarining uchinchi davlatlar orqali reeksport qilinishining oldini olish ko‘rsatilayotganini qayd etdi. Biroq Rossiyadan O‘zbekistonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri shakar yetkazib berish hajmi ham katta ekani ta’kidlandi.
Rossiyaning Agroeksport federal markazi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda O‘zbekistonga 417 ming tonna shakar yetkazib berilgan. Bu 2024-yilga nisbatan 170 ming tonnaga ko‘p. O‘zbekiston Rossiya shakarining ikkinchi yirik xaridoriga aylangan.
Yetkazib berish hajmi oshishining omillaridan biri sifatida O‘zbekiston 2025-yil 1-oktabrdan oq shakar importiga qo‘yilgan 20% lik aksiz solig‘ini bekor qilgani ko‘rsatilgan.
“Rossiya shakarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri import qilish taqiqlanmagan bo‘lsa, uchinchi davlatlar orqali olib kirishda aynan qaysi huquqiy to‘siqlarni chetlab o‘tishga urinishlar nazarda tutilmoqda?” — deya savol qo‘ydi Alfiya Musina.
Uning ta’kidlashicha, tovarning uchinchi davlat hududi orqali olib o‘tilishining o‘zi bojxona qonunchiligi yoki tovar kelib chiqishini aniqlash qoidalari buzilganini anglatmaydi.
Import cheklovlari raqobatni susaytirishi mumkin
Assotsiatsiya importning muqobil kanallari ma’muriy tartibda cheklanishi mahalliy shakar zavodlariga qaramlikni kuchaytirishi mumkinligidan ham xavotir bildirdi. Musinaning fikricha, bu cheklangan sondagi ishlab chiqaruvchilar minglab iste’molchi korxonalarga nisbatan ustun mavqega ega bo‘ladigan oligopolistik bozor tuzilmasi shakllanishi xavfini yuzaga keltiradi.
UzBev 2026-yil 20-noyabr holatiga ko‘ra, import kvotalarini taqsimlashning shaffof mexanizmi, kvota olishning aniq mezonlari va ularni taqdim etish shartlari bo‘yicha ochiq ma’lumotlar mavjud emasligini qayd etdi.
“Tartibga solishning shaffofligi va oldindan aytib bo‘ladigan darajada ekani qulay investitsiya muhitining zaruriy shartidir. Biznes cheklovlarning me’yoriy asoslari, kvotalarni taqsimlash tartibi, istisnolar berish mezonlari va qarorlar ustidan shikoyat qilish mexanizmlari bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak. Noshaffof tartibga solish esa xaridlarni rejalashtiradigan, uzoq muddatli shartnomalar tuzadigan, ishlab chiqarish budjetlarini shakllantiradigan hamda yetkazib beruvchilar va xaridorlar oldida majburiyat oladigan korxonalar uchun mavhumlikni yuzaga keltiradi”, — dedi tashkilot rahbari.
Shu bilan birga, u qarorlar barcha daxldor tarmoqlar vakillari bilan ochiq muhokama qilinganidan hamda ularning iqtisodiy oqibatlari va ta’siri baholanganidan keyingina qabul qilinishi kerakligini ta’kidladi.
“Prezidentimiz tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan biznes bilan ochiq muloqot formati doirasidagi muhokamalar qarorlar qabul qilinganidan keyin emas, balki ularni tayyorlash bosqichida o‘tkazilsa, bu Hukumat resurslarini ancha tejagan bo‘lardi!”, — deya hisoblaydi Alfiya Musina.
UzBev import cheklovlarini qayta ko‘rib chiqishga chaqirdi
Assotsiatsiya oq shakar importiga miqdoriy cheklovlarni qayta ko‘rib chiqish va ularning iqtisodiy oqibatlari to‘liq baholangunga qadar qo‘llashni to‘xtatib turishni taklif qildi.
Shuningdek, UzBev quyidagilarni zarur deb hisoblaydi:
- import kvotalarini taqsimlash qoidalarini, jumladan, kvota olish mezonlari va istisnolar berish asoslarini e’lon qilish;
- mahalliy zavodlarning ishlab chiqarish imkoniyatlari, xomashyo yetkazib berishning kafolatlangan hajmlari va tayyor mahsulot tannarxi bo‘yicha tasdiqlangan ma’lumotlarni taqdim etish;
- oziq-ovqat sanoatidagi barcha korxonalar uchun xomashyodan foydalanishda teng sharoit yaratish;
- tegishli tarmoqlar vakillari bilan qarorlar qabul qilinishidan oldin ochiq muloqot o‘tkazish.
UzBev mahalliy shakar ishlab chiqarishni rivojlantirish, investitsiyalarni jalb qilish va mahalliylashtirish darajasini oshirish tarafdori ekanini bildirdi. Biroq assotsiatsiya bir tarmoqni qo‘llab-quvvatlash boshqa korxonalar rivojlanishiga to‘sqinlik qilmasligi kerakligini ta’kidladi.
“Biz mahalliy shakarga qarshi emasmiz. Biz raqobatbardosh bozor, shaffof qoidalar va O‘zbekistonning barcha ishlab chiqaruvchilari uchun teng sharoitlar tarafdorimiz. Ayrim hali rivojlanish bosqichidagi korxonalarni himoya qilish minglab boshqa korxonalar rivojlanishini cheklamasligi kerak”, — deya xulosa qildi assotsiatsiya direktori.