Avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchalarida maishiy gaz ballonlarini to‘ldirish uchun alohida postlar tashkil etish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Hududgazta’minot matbuot xizmati xabar berdi.
Kompaniya ijtimoiy tarmoqlarda aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berish va “zapravka"larda gaz ballonlarini to‘ldirish uchun javobgarlik belgilangani bo‘yicha xabarlar yuzasidan izoh berdi.
“Aholiga maishiy gaz ballonlarini to‘ldirish bo‘yicha qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish maqsadida mavjud avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchalari hududida maishiy gaz ballonlarini xavfsiz to‘ldirishga mo‘ljallangan, alohida jihozlangan maxsus postlar tashkil etish masalasi yuzasidan tegishli tashkilotlarga takliflar kiritilgan”, — deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, Hududgazta’minot gaz ballonlarini gaz shoxobchalarida to‘ldirish xavfsizlik talablariga zid ekanligini qayd etdi. Joriy yil 2-noyabrda qabul qilingan qonun bilan shoxobchalar tomonidan gaz ballonlariga propan quyish uchun ma’muriy javobgarlik joriy etildi. Bunday holat BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha (1,32−2,2 mln so‘m) jarima qo‘llashga asos bo‘ladi. Hujjat 2027-yil 5-fevraldan kuchga kiradi.
Shu bilan birga, aholiga maishiy gaz ballonlarini to‘ldirish xizmati cheklanmagan. Buning uchun maxsus gaz to‘ldirish stansiyalari (GTS) va shoxobchalari (GTSh) faoliyat yuritadi. Ular belgilangan talablarga javob berishi va tegishli ruxsatga ega bo‘lishi kerak.
Mamlakatda LPG-Trade korxonasiga tegishli bo‘lmagan 360 dan ortiq gaz to‘ldirish stansiyasi va shoxobchasi mavjud. Ular mustaqil yuridik shaxslar tomonidan boshqariladi va aholining maishiy gaz ballonlarini to‘ldirish huquqiga ega.
Avvalroq Spot bir kunda noqonuniy saqlangan 250 ga yaqin gaz balloni aniqlangani haqida yozgan edi.