Chilonzorda 7 kg dan ortiq kumushni noqonuniy sotayotgan shaxs ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
DXX va Bojxona qo‘mitasi xodimlari hamkorligida tumanda qimmatbaho metallarning noqonuniy muomalasiga chek qo‘yishga qaratilgan tezkor tadbir o‘tkazildi.
Unda Toshkent viloyati Bo‘ka tumanida yashovchi, 1973-yilda tug‘ilgan shaxs og‘irligi 7 kg 685 gr bo‘lgan sof kumushni 156 mln so‘mga sotayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Tekshiruvlar davomida qo‘lga olingan fuqaro qimmatbaho metallar muomalasi bilan shug‘ullanish uchun tegishli litsenziyaga ega emasligi va noqonuniy faoliyat amalga oshirayotgani aniqlandi.
Hozirda ushbu shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
DXX fuqarolarni qimmatbaho metallarni sotib olayotganda ularning kelib chiqishi va sofligini tasdiqlovchi hujjatlarni talab qilishga chaqirdi. Noqonuniy savdo holatlari haqida 1520 qisqa raqamiga xabar berish mumkin.
Avvalroq Spot Turonbank o‘z rahbarining qo‘lga olingani haqidagi xabarlarga izoh bergani haqida yozgandi.