Avvalroq Spot 15-sentabr kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligi pensiya ta‘minoti tizimini isloh qilish bo‘yicha prezident farmoni loyihasini e‘lon qilgani haqida yozgandi. Loyiha bo‘yicha jamoatchilik muhokamasi 30-sentabrgacha davom etadi.

2027-yil 1-yanvardan boshlab o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun pensiya ta‘minoti va davlat ijtimoiy sug‘urtasidan foydalanish imkoniyatini ta‘minlash maqsadida BHMning bir baravari (sentyabrdan — 440 ming so‘m) miqdorida majburiy ijtimoiy soliq to‘lashni joriy etish taklif etilmoqda. Bunda soliqni yil davomida bo‘lib-bo‘lib — oyiga 36,6 ming so‘mdan to‘lash mumkin bo‘ladi. Hozirda o‘zini o‘zi band qilganlar tomonidan ijtimoiy soliq to‘lash ixtiyoriy bo‘lib, mehnat stajini shakllantirishda hisobga olinadi.

O‘zini o‘zi band qilganlar tomonidan to‘langan ijtimoiy soliqning 10%i Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasiga yo‘naltiriladi. Homiladorlik va tug‘ish hamda vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqalari belgilangan tartibda Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi hisobidan to‘lanadi.

2027-yildan boshlab mehnat stajiga qo‘shib hisoblanadigan, biroq ijtimoiy soliq va Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badallari to‘lanmagan davrlar bo‘yicha xarajatlarni davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplash taklif etildi. Pensiyalarni eng kam miqdorga yetkazish, pensiyalarga ustama va qo‘shimcha to‘lovlar ham byudjetdan moliyalashtiriladi.

Shu bilan birga, 55 yoshdan oshgan ayollar va 60 yoshdan oshgan erkaklar uchun o‘rtacha ish haqini saqlab qolgan holda qisqartirilgan ish vaqtini joriy etish taklif etildi.

Kam ta‘minlangan oilalarga moddiy yordam tayinlashda 55 yoshdan oshgan ayollar va 60 yoshdan oshgan erkaklar uchun rasmiy daromadning mavjudligi hisobga olinmaydi.

Bundan tashqari, 2030-yil 1-yanvardan boshlab korxona va tashkilotlar uchun ijtimoiy soliqni to‘lash bo‘yicha amaldagi imtiyozlarni (stavka — 12%) bekor qilish taklif etilmoqda, yangi imtiyozlar esa joriy etilmaydi.

Spot, avvalroq, O‘zbekistonda xususiy va korporativ pensiya jamg‘armalari to‘g‘risidagi qonun loyihasi ishlab chiqilishi haqida yozgandi.