Avvalroq Spot 15-sentabr kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligi pensiya ta‘minoti tizimini isloh qilish bo‘yicha prezident farmoni loyihasini e‘lon qilgani haqida yozgandi. Loyiha bo‘yicha jamoatchilik muhokamasi 30-sentabrgacha davom etadi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2027-yil 1-yanvarga qadar fuqarolarning jamg‘arib boriladigan pensiya tizimining tashkiliy tuzilmasini shakllantirish, boshqarish va Kuzatuv kengashini tashkil etish to‘g‘risidagi hujjat loyihasini hukumatga kiritishi lozim.

2027-yil 1-iyunga qadar vazirlikka xorijiy tajribani inobatga olgan holda fuqarolarning Pensiya jamg‘armasiga ajratmalarini shartli va shaxsiy hisobga olish, davlat tomonidan qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash va bo‘lajak pensiyani mustaqil jamg‘arishga asoslangan pensiya tizimini bosqichma-bosqich joriy etish to‘g‘risidagi prezident farmoni loyihasini ishlab chiqish topshirildi.

2027-yil yakuniga qadar Iqtisodiyot va moliya vazirligi Markaziy bank, Istiqbolli loyihalar milliy agentligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Kasaba uyushmalari federatsiyasi va Ish beruvchilar konfederatsiyasi bilan birgalikda xususiy va korporativ pensiya fondlarini tashkil etish va ularning faoliyati to‘g‘risidagi qonun loyihasini taqdim etishi kerak.

Moliya bozorida raqobat muhitini yaratish va fuqarolarga ixtiyoriy pensiya jamg‘arish vositalarini mustaqil tanlash imkoniyatini berish ko‘zda tutilmoqda.

Spot, avvalroq, jamg‘arib boriladigan pensiya tizimi Xalq bankidan Pensiya jamg‘armasiga o‘tkazilishi mumkinligi haqida yozgandi.