Avvalroq Spot 15-sentabr kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligi pensiya ta’minoti tizimini isloh qilish bo‘yicha prezident farmoni loyihasini e’lon qilgani haqida yozgandi. Loyiha bo‘yicha jamoatchilik muhokamasi 30-sentabrgacha davom etadi.
2027-yil 1-yanvardan fuqarolarning jamg‘arib boriladigan pensiya tizimini Xalq bankidan Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi tasarrufiga o‘tkazish taklif qilinmoqda.
Pensiya jamg‘armasi huzurida jamg‘arib boriladigan pensiya tizimini rivojlantirish va barqaror pensiya tizimini yaratish bo‘yicha xalqaro maslahatchilardan iborat loyiha ofisini tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvaraqlaridagi mablag‘lar, jumladan davlat budjeti va ijtimoiy soliq hisobidan amalga oshiriladigan qo‘shimcha to‘lovlar, shuningdek jamg‘armalarni investitsiya va moliyaviy vositalarga joylashtirishdan olinadigan daromadlar fuqarolarning shaxsiy mulki hisoblanadi. Ularga nisbatan meros huquqi ham saqlanib qoladi.
Pensiya jamg‘armasi uchun qo‘shimcha 31 ta shtat birligini ajratish taklif qilinmoqda. Ularning xarajatlari davlat budjeti hisobidan qoplanadi.
Shuningdek, 2027-yil oxirigacha hisobot va mablag‘larni hisobga olish tizimini “Xalq banki"ning elektron bazasidan Pensiya jamg‘armasining axborot tizimiga bosqichma-bosqich o‘tkazish rejalashtirilmoqda.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda pensiya uchun eng kam ish stajini 7 yildan 15 yilga oshirish rejalashtirilayotgani haqida yozgandi.