Avvalroq Spot 15-sentabr kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligi pensiya ta’minoti tizimini isloh qilish bo‘yicha prezident farmoni loyihasini e’lon qilgani haqida yozgandi. Loyiha bo‘yicha jamoatchilik muhokamasi 30-sentabrgacha davom etadi.

2027-yildan boshlab pensiyani hisoblashda inobatga olinadigan ish staji davri har yili bir yilga oshirib boriladi. Hozirgi 5 yillik davr bosqichma-bosqich 20 yilgacha yetkaziladi.

Shu bilan birga, fuqaroning eng kam daromad olgan davrining 10%ini hisob-kitobdan chiqarish taklif etilmoqda.

Loyiha, shuningdek, yoshga doir pensiya tayinlash uchun zarur bo‘lgan minimal ish stajini bosqichma-bosqich oshirishni nazarda tutadi. Hozir bu ko‘rsatkich 7 yilni tashkil etadi, 2034-yilga kelib esa uni 15 yilgacha yetkazish rejalashtirilmoqda. Bu ham har yili bir yilga oshirib boriladi.

Bunda minimal ish stajiga ega bo‘lmagan fuqarolarning umumiy pensiya yoshiga yetganidan besh yil o‘tib yoshga doir nafaqa olish huquqi saqlab qolinadi: erkaklar uchun 68 yoshdan, ayollar uchun 63 yoshdan.

Bundan tashqari, 2028-yil 1-apreldan pensiya yoshiga yetganidan keyin ham ishlashda davom etayotgan fuqarolar uchun pensiya dastlab tayinlanayotganda hisobga olinadigan ish haqining yuqori chegarasini oshirish taklif etilmoqda.

Hozir bu chegara pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining 12 baravari — 6,04 mln so‘mni tashkil etadi. Pensiyaga olti oy kechroq chiqqanda uni 14 baravar — 7,05 mln so‘mgacha, 12 oy kechroq chiqqanda esa 15 baravar — 7,56 mln so‘mgacha oshirish taklif qilinmoqda.


Avvalroq Spot bank kartasi bloklanishi sababini ko‘rsatuvchi InfoCards tizimi joriy etilgani haqida yozgandi.