Bank kartasi nima sababdan bloklanganini aniqlash imkonini beruvchi InfoCards tizimi joriy etildi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Markaziy bank, tijorat banklari, to‘lov tashkilotlari va to‘lov tizimi operatorlari o‘rtasida InfoCards axborot almashinuvi tizimi yaratildi.
Yangi tizim bank kartasi bloklangan taqdirda uning qaysi huquqni muhofaza qiluvchi organ tomonidan, qachon va qanday sababga ko‘ra bloklanganiga oid ma’lumotlarni tezkor aniqlash imkonini beradi.
Endilikda buning uchun fuqaroning qo‘shimcha ravishda Markaziy bankka murojaat qilishi talab etilmaydi. Karta egasi o‘ziga xizmat ko‘rsatuvchi tijorat bankiga murojaat qilishi yetarli.
Shundan keyin bank InfoCards tizimi orqali tegishli ma’lumotlarni aniqlab, kartaning bloklanishi yuzasidan tushuntirish beradi.
Mazkur tizim fuqarolarning murojaatlarini ko‘rib chiqish jarayonini soddalashtirish, ortiqcha ovoragarchilikni kamaytirish hamda bank xizmatlaridan foydalanishda tezkorlik va shaffoflikni oshirishga xizmat qiladi.
Avvalroq SpotYagona portalda virtual to‘lov kartalarini ochish imkoniyati yaratilishi haqida yozgandi.