O‘zbekistonda umumiy pensiya yoshini bosqichma-bosqich oshirish taklif qilindi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi tegishli loyihani e’lon qildi.

Amaldagi tartibga ko‘ra, pensiya yoshi erkaklar uchun 60 yosh, ayollar uchun 55 yoshni tashkil etadi. Taklifga ko‘ra, bu ko‘rsatkichlar mos ravishda 63 va 58 yoshgacha oshiriladi.

Prezident farmoni loyihasida 2027-yil 1-yanvardan pensiyani umumiy belgilangan yoshni bir yilga qisqartirgan holda tayinlash tartibini bekor qilish taklif etilgan.

2028-yil 1-yanvardan pensiya yoshini har yili uch oyga oshirib borish rejalashtirilmoqda. Natijada 2039-yilga kelib pensiya yoshi erkaklar uchun 63 yosh, ayollar uchun 58 yosh bo‘lishi mumkin.

Bu choralar aholining umr ko‘rish davomiyligi oshib borayotganini hisobga olgan holda, fuqarolarning pensiya tizimida ishtirok etish davri bilan pensiya to‘lovlarini olish davri o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlash maqsadida taklif etilmoqda.

Pensiya yoshini oshirish davrida pensiya oldi yoshidagi fuqarolar uchun bir qator kafolatlar joriy etish taklif qilinmoqda. Jumladan, xodimni pensiya oldi yoshida ekani sababli ishdan bo‘shatish yoki ishga qabul qilishni rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Ishsiz deb topilgan fuqarolarning ikki yil oldin muddatidan avval pensiyaga chiqish huquqini saqlab qolish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, pensiya oluvchilarga beriladigan soliq, transport va tibbiy imtiyozlarni saqlab qolish taklif etilgan.

Bundan tashqari, yer osti ishlarida, shuningdek, zararli va og‘ir mehnat sharoitlarida to‘liq ish kuni ishlaydigan 50−55 yoshdagi erkaklar va 45−50 yoshdagi ayollar uchun imtiyozli pensiya olish huquqini saqlab qolish taklif etilmoqda.

Erkaklarga 60 yoshdan, ayollarga esa 55 yoshdan jamg‘arib boriladigan pensiya mablag‘larini olish huquqini berish taklif qilinmoqda.

Loyiha bo‘yicha jamoatchilik muhokamasi 30-sentabrgacha davom etadi.


Avvalroq Spot O‘zbekistonda o‘rtacha pensiya miqdori 1,69 mln so‘mga yetgani haqida yozgandi.