2026-yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda pensiya oluvchilar soni 4 361 432 nafarga yetdi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligining Pensiya jamg‘armasi faoliyatiga oid hisobotida keltirilgan. Ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 158 897 nafarga yoki 3,8% ga ko‘p.
Yangi tayinlangan pensiyalar soni 154,2 mingtani tashkil etdi. Asosiy o‘sish yoshga doir pensiya oluvchilar hissasiga to‘g‘ri keldi. Ularning soni bir yil ichida 139 940 nafarga (+4%) oshib, 3,62 mln kishiga yetgan. Nogironlik pensiyasini oluvchilar soni 6 733 nafarga (+1,4%) ko‘payib, 482,2 ming, boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini oluvchi oilalar soni esa 12 224 nafarga (+4,9%) oshib, 261,3 ming kishiga yetgan.

1-iyul holatiga o‘rtacha pensiya miqdori 1 688 061 so‘mni tashkil etdi. Eng yuqori o‘rtacha pensiya yoshga doir pensiya oluvchilarda — 1 701 482 so‘mni tashkil etgan. Nogironlik pensiyasi 1,68 mln so‘m, boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi esa 1,5 mln so‘mga teng bo‘lgan.
Hududlar kesimida eng ko‘p pensioner Farg‘ona viloyatida qayd etilgan — 515 377 nafar. Bu mamlakatdagi har sakkizinchi pensioner ushbu viloyat hissasiga to‘g‘ri kelishini anglatadi. Jami pensionerlarning 41%i Farg‘ona, Samarqand, Andijon va Qashqadaryo viloyatlarida yashaydi.
Eng kam pensioner Sirdaryo viloyatida qayd etilgan — 111 319 nafar. Bu Farg‘ona viloyatidagi ko‘rsatkichdan 4,6 baravar kam.
Nogironlik pensiyasi oluvchilarning umumiy pensionerlar sonidagi eng yuqori ulushi Navoiy viloyatida — 18,2% ni tashkil etdi. Keyingi o‘rinlarda Sirdaryo viloyati (17,7%) va Qoraqalpog‘iston Respublikasi (15,3%) qayd etilgan.
Aholi soniga nisbatan pensiya oluvchilar ulushi 2026-yil 1-yanvar holatiga 11% ni tashkil etdi. Ya’ni 39,05 mlndan ortiq aholining 4,28 mln nafari pensiya oluvchi bo‘lgan. Ushbu ko‘rsatkich Buxoro, Navoiy, Farg‘ona viloyatlari va Toshkent shahrida yuqori, Surxondaryo hamda Jizzax viloyatlarida esa nisbatan past bo‘lgan.
Shu bilan birga, 2026-yil prognozlari bo‘yicha Pensiya jamg‘armasi umumiy hisobda 1,6 trln so‘mlik profitsit bilan shakllantirilgan. Biroq bu davlat budjetidan ajratiladigan transfertlar hisobiga ta’minlanmoqda.
Transfertsiz, ya’ni jamg‘armaning sof sug‘urta faoliyati bo‘yicha kamomad 21,4 trln so‘mni tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich bir yil ichida 13,8% ga oshgan.
Jamg‘armaning o‘z daromadlari 11,7% ga ko‘paygan bo‘lsa, xarajatlar 12,2% ga oshgan. Transfert esa 18,5 trln so‘mdan 23 trln so‘mga oshgan. Natijada transfertlarning jami daromadlardagi ulushi 24,3% dan 26,2% ga ko‘tarilgan.

Pensiya jamg‘armasi daromadlarining asosiy manbai ijtimoiy soliq bo‘lib qolmoqda — u jami tushumlarning 71,5% ini tashkil qiladi. Biroq mavjud tushumlar tizim xarajatlarini mustaqil ravishda qoplay olmasligi qayd etilgan.
Shu bilan birga, pensiya tayinlash va xizmat ko‘rsatish jarayonlarida ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Fuqarolarning murojaatlari 39,2% ga kamaygan, pensiyalarni proaktiv tarzda tayinlash ulushi esa 54% dan 87% gacha oshgan.
Avvalroq Spot Senat ma’qullagan qonun bilan nogironlik pensiyasi fuqarolarning murojaatisiz tayinlanishi mumkinligi haqida yozgan edi.